Breaking News

O'zbekistonda huquqiy ahvol murakkabligicha qolmoqda


Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga qo’yilgan sanksiyalarni bekor qilishi kutilmoqda.

Inson huquqlarini himoya qiluvchi xalqaro tashkilot - Human Rights Watch ma’lumotiga ko`ra, Yevropa Ittifoqi O`zbekistonga nisbatan joriy etgan sanksiyadan voz kechsa, muloqot yuritishning samarali vositasi qolmaydi.

Inson huquqlari bo`yicha hozirgacha amalga oshirilgan qadamlar bevosita sanksiyalar ta`siri bilan bog`liq deydi tashkilot xodimlari.

O`zbekistonda o`lim jazosi bekor qilinishi, qamoqqa olish sanksiyasi sudlar vakolatiga o`tkazilishi, bir nechta inson huquqlari himoyachilarining ozod qilinishi, Xalqaro Qizil Xoch jamiyatining qamoqxonalarga kirishiga ruxsat berilishi kabi holatlar rasmiy Toshkentning ijobiy qadamlari sifatida baholab kelinmoqda.

Keyingi paytda ayrim faollar ham siyosiy iliqlik haqida gap ocha boshlagan, biroq shoir Yusuf Jumaning 5 yil qamoq jazosiga hukm qilinishi bu umidni so’ndirgan.

Shoir Yusuf Juma bilan norozilik aksiyasi o`tkazgan o`g`li Bobur shartli qamoq jazosi bilan ozod qilindi, biroq shoirning yana bir o`g`li - Mashrab Jumayev tan jarohati yetkazish aybi bilan qamoqda saqlanmoqda.

Shoir Yusuf Juma oilasi hukumatga ochiq tanqid bildirish, norozilk aksiyalari o`tkazish bilan tanilgan. Yusuf Juma rasman militsiyani haqorat qilish, tan jarohati yetkazish, hokimiyat vakiliga bo`ysinmaslikda aybdor deb topilgan.

Mashrab Jumayevning rafiqasi Nargiza Hamroyevaning aytishicha, shoir oilasi bilan bog’liq ayblovlarning hammasi uyushtirilgan.

“Erim bittasini pichoqladi deb yozib berasan, bo`masa o`zingga qiyin bo`ladi, deb qiynashdi, keyin bir-ikkita narsalarga imzo chektirib olishdi va qaynotam Yusuf Juma tutilgancha meni o`sha joyda ushlab turishdi. Yusuf Juma kimnidir urib ketdi deb aytishdi, lekin urib ketdi degan militsiya xodimi o`sha yerda yurgan edi, har kuni ko`rardim, tuhmat qilish uchun oyog`ini gips qildi. Men bularning guvohi bo`lib turgan edim, qaynotamning sudida bularni aytmoqchi edim, lekin uydan chiqishimga ruxsat berishmadi. Sud bir kunda bo`lib, 5 yilga qamab yuborishdi. Men bularning hammasi uyushtirilgan ekaniga guvoh edim,” - deydi Nargiza Hamroyeva.

Yaqinda huquq himoyachilari Abdulla Tojiboy o’g`li va Adham Shoyimardonovlar mamlakatni tark etdi. Ma`lumotlarga ko`ra, huquq himoyachilari tazyiqlar kuchayishi oqibatida chiqib ketishgan, hozirda ularning qayerdaligi noma`lum.

O`zbekiston huquq himoyachlilari alyansi mamlakatda o`tgan prezident saylovini noqonuniy deb piketlar o`tkazgan edi.

Mahalliy faollarning so’zlariga ko`ra, O`zbekistonda siyosiy iliqlikni kuzatilmaydi.

“Bizda huquq himoyachilari, faollar juda passiv, boshqa joylar, masalan, Qozog`istonga qaraganda ham. Ulardagi bugungi to`qchilik faqatgina Nazarboyevning xizmati emas, muxolifat harakati ham kuchli. Og`alarimizda g`ayratli odamlar ko`p, afsus bizda uyushish, ittifoqchilik juda kuchsiz, biz hali ancha qoloqmiz, shu tomonlarni ham o`ylab ko`rish kerak. Lekin siyosiy-iqtisodiy sharoit talab qilib turibdi, hal qil masalani deb,” - deydi sharhlovchi Akbar Aliyev.

Uning aytishicha, pichoq suyakka qadalgandan keyin har qanday odam ham “voy” deydi, shunday vaziyat esa kelayapti, bundan xavsizlik idorasi, ichki ishlar vazirligi, deputatlar ham yaxshi xabardor.

Huquq himoyachilari kasbiy faoliyatini tashlash sharti bilan qamoqdan ozod qilinmoqda.

XS
SM
MD
LG