Breaking News

Eronni yadro dasturidan voz kechdirishga qaratilgan yangi takliflar


Olti davlat tashqi ishlar vazirlari Londonda uchrashib, Eronning atom dasturini to’xtatish uchun yangi takliflar bilan chiqmoqda.

AQSh, Britaniya Fransiya, Germaniya, Rossiya va Xitoy rasmiylari Tehron ko’proq iqtisodiy yordam evaziga uranni boyitishni bas qiladi degan umidda.

Eronni ko’ndirish uchun ham sanksiyalar, ham imtiyozlar ishga solinyapti. Hozirgacha Eronga uch marotaba sanksiya qo’yilgan. BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolari bu gal ko’proq imtiyoz bermoqchi. Biroq Eronga nimalar taklif qilinayotgani noma’lum.

Britaniya Tashqi ishlar vaziri Deyvid Miliband so’zlariga ko’ra taklif tafsilotlari faqatgina Tehron rasmiylariga ma’lum qilinadi. G’arb nazarida Eron qurol ishlab chiqarishga urinmoqda. “Uranni boyitish dasturi dunyo barqarorligiga tahdid”, - deydi Miliband.

Eron o’zini uran boyitishga haqli deb biladi, biroq javobgarlikni ham unutmasin, deydi Britaniya tashqi ishlar vaziri.

Qo’shma Shtatlar anchadan beri Eronni qurol ishlab chiqarishga urinayotganlikda ayblab keladi. Davlat kotibasi Kondoliza Rays fikricha maqsad shu ekan, imtiyozlar samara bermasligi mumkin.

BMT Xavfsizlik Kengashi Eronga so’nggi bor mart oyida sanksiya qo’ygan edi. Eronning ikki yaqin hamkori Rossiya va Xitoy qo’shimcha jazo choralari qo’llashga qarshi va diplomatiyani olg’a suradi.

Qo’shma Shtatlar Eron uranni boyitish dasturini vaqtincha to’xtatsagina Tehron bilan to’g’ridan-to’g’ri muzokara qilishini bildirmoqda.

XS
SM
MD
LG