Mahmud Qoshg`ariy turkiy xalqlarning barchasi uchun birdek qimmatli bo`lgan qomusiy olimlardan biri.
UNESCO - BMTning Ta’lim, ilm-fan va madaniyat bo’yicha bo’limi 2008 yilni Mahmud Qoshg`ariy yili deb e`lon qilgan.
Shoir Tohir Qahhorning aytishicha, 20-25 oktaybrda Turkiyada turkiy davlatlar xalqaro qurultoyi rejalangan.
“Turkiyaning Rizo shahridagi universitetda ham 17-19 oktyabr kunlari Qoshg`arli Mahmudga bag`ishlangan xalqaro simpozium tashkil qililmoqda. U yerda o`nlab mavzularda chiqish-ma’ruzalar belgilangan,” - deydi Tohir Qahhor.
Bu tadbirlardan tashqari markazi Anqarada bo`lgan Yevrosiyo Yozuvchilar birligi tashkiloti ham UNESCO dasturlariga muvofiq Mahmud Qoshg`ariy haqida erkin mavzudagi hikoyalar tanlovini e`lon qilgan.
Unda turkiy tilda yozuvchi ijodkorlar ishtirok etishi mumkin, asarlar tashkilotga qarashli “Qardosh qalamlar” jurnalida e`lon qilinadi. Tanlov natijalari avgust oyida aniq bo`lishi kutilmoqda.
O`zbekistonda Mahmud Qoshg`ariy yili munosabati bilan biror tadbir rejalangan yoki rejalanmagani noma’lum, bu borada O`zbekiston Fanlar Akademiyasidan ham munosabat olish qiyin.
Ayrim tarixchilar buning sababini olim tavalludiga doir ma`lumotlardagi farqda ko`radi.
Tarixchi olim Nasimxon Rahmon fikriga ko`ra, allomaning 1000 yoshda ekani ilmiy jihatdan isbotlanmagan.
“Chunki ming yilligini o`tkazish haqidagi ma`lumotlar ishonch tug`dirmaydi, bu arab yoki boshqa manbalarda tasdiqlanganda ham boshqa gap edi. Lekin kelgusi yilda asarning 940 yilligini o`tkazsa, ishonchli bo`ladi,” - deydi Nasimxon Rahmon.
Sharhlovchilar 2008 yil dunyo miqyosida Mahmud Qoshg`ariy yili e`lon qilingan paytda O`zbekistondagi jimjitlikni siyosiy sabablar bilan ham bog`laydi. Rasmiy Toshkent turk davlatlari birligini ifodalovchi har qanday tadbir, tashkilotlarga qo`shilishdan bosh tortib keladi deydi ular.
Mahmud Qoshg`ariy tavalludi borasidagi munozaralardan qat`iy nazar, deydi mutaxassislar, allomaning turkiy dunyodagi o`rni beqiyos.
“Qoshg`arli Mahmudning “Devoni lug`otit turk” kitobining bahosi turkiy xalqlar uchun yuksak, turk tilining yozuvdagi birinchi qomusi. Bugun turkiy tilda so`zlashayotgan 26 davlat bor, ularning ayrimlari to`liq mustaqil, ayrimlari muxtoriyat ko`rinishida. Bu davlatlarning har birida fan va adabiyot yaratilgan. Ularning barchasida Qoshg`ariyning ming yil avval yozgan lug`atining o`rni yuksak. Buni (ming yillik haqidagi ma’lumotni) quruq hamdu-sano bilan emas, turli xalqaro konferensiyalarda ishtirok etib, aniq ilmiy asoslar bilan ko`rsatish kerak,” - deydi Tohir Qahhor.
Nasimxon Rahmonning aytishicha, Qoshgariy asari 9 mingga yaqin so`zni o`z ichiga olib, ilmiy jihatdan o`ta nodir bo`lgan umumturkiy meros.
Mahmud Qoshg`ariy yili munosabati bilan qator davlatlarda alloma asari qayta nash qilingan.
O`zbekistonda “Devoni lug`otit turk” bir marta, o`tgan asrning 60 yillarida chop etilgan.
Mutaxasislar fikricha, ehtiyoj katta, to`rt kitobdan iborat “Devoni lug`ati turk”ning bitta kitobi hozirda 150 ming so`m atrofida baholanadi.
Adabiyot asarlarida aytilishicha, «Devoni lug‘otit turk» («Turkiy so‘zlar devoni») hijriy 469, milodiy 1076-1077 yillarda yozilgan bo‘lib, Abulqosim Abdulloh binni Muhammad al-Muqtadoga bag‘ishlangan.
Bu vaqtda muallif 50 yoshda bo‘lgan. Yangi manbalarga ko‘ra, bu asar 1072 yilda yozila boshlangan va 1074 yilda tugatilgan (hijriy 464-466 y).
Muallif bu haqda shunday degan: «Kitob 464 yilda (hijriy) jumadul avval boshlarida boshlandi va to‘rt karra yozilgandan (ko‘chirilgandan) va tuzatilgandan so‘ng 466 yil jumadul oxirning 12~kuni bitirildi».