Breaking News

Toshkentda Andijon qurbonlarini xotirlashga yo'l berilmadi


Toshkentdagi “Jasorat” yodgorligi poyida Andijon fojealari qurbonlarini xotirlash uchun bugun rejalangan tadbir hukumat bosimi ostida amalga oshmagan.

Ishtirokchilar tadbir rejalangan joyga yetmasdanoq yo’lda ushlangan. Ayrimlari militsiya boshqarmasiga olib ketilgan.

Huquq himoyachilarining aytishicha, faollar yodgorlik poyiga fojia qurbonlari xotirasi uchun gulchambar qo’yishmoqchi edi. Andijon voqealarini mustaqil tergov qilish talablari ham ko’tarilishi rejalangan edi. Biroq tadbir amalga oshmagan, faollarning uyi ertalabdanoq nazoratga olingan.

Tashkilotchilardan biri, O’zbekiston huquq himoyachilari alyansi vakili Yelena Urlayeva jamoat transportida ketayotgan joyda ushlanib, militsiya boshqarmasiga olib ketilgan.

Urlayeva o’tirgan marshrut taksisi militsiya tomonidan to’xtatilgan. Tekshirish maqsadida yo’lovchilar bilan birga Mirzo Ulug’bek ichki ishlar boshqarmasiga olib kelingan. Urlayevadan tashqari barcha yo’lovchilar qo’yib yuborilgan.

“Meni soat to’rtga qadar ishki ishlar boshqarmasida hech qanday sababsiz ushlab turishdi. Aksiyada alyansning 20 yaqin a’zolari, muxolifatdan, inson huquqlari tashkilotlaridan vakillar qatnashishi kerak edi. Bilishimcha ko’pchilikning uyi tundanoq nazoratga olingan. Rejalangan tadbir ta’qiblar bois amalga oshmadi. Biz faqat qurbonlar xotirasiga gulchambar qo’yishni rejalagan edik. Fojeada tinch aholi, ayollar, yosh bolalar ham qurbon bo’lgan”, - deydi Urlayeva.

Urlaeva fikricha Andijon fojealari harbiy jinoyatlar sirasiga kirishi mumkin. Aybdorlarni aniqlash uchun xalqaro jamoatchilik qattiqroq pozitsiyada turishi kerak.

Huquq himoyachilariga ko’ra 2006, 2007 yillarda qiyinchiliklar bilan bo’lsada, qurbonlarni xotirlash, gulchambar qo’yish, Qur’on tilovat qilishga muvaffaq bo’lingan. Bu yili esa gulchambar qo’yishga ham ruxsat berilmadi.

Faollardan biri Toshpo’lat Yo’ldoshev ta’biricha Andijonda tinch aholi bilan birga hukumat qo’shinlaridan ham odamlar o’lgan. Qurbonlarning hammasi xotirlanishi kerak.

“Huquq himoyachilari, demokratlar ularni xotirlab gulchambar qo’yishadi. Hukumat agar oqilona siyosat yuritsa, axir soldatlarimiz o’lgan, sudya-prokurorlar o’lgan, mayli qo’ysa qo’yaversin deb yo’l ochib berishi kerak. Yo’l ochish o’rniga ularni quvib, ta’qibga olib qamayapti. Buni sababi shundaki, hukumat o’z aybini yaxshi biladi”, - deydi Toshpo’lat Yo’ldoshev.

13 may kuni AQShning O’zbekistondagi elchixonasi ham fojeaning uch yilligi munosabati bilan hamdardlik xatini e’lon qildi.

“Andijondagi fojealarga 3 yil to’lar ekan, AQSh O’zbekiston xalqiga o’z hamdardligini bildiradi. Ushbu fojea hali ko’p o’rganilishi lozim, ammo ishonamizki, ushbu fojeali voqealar boshqa hech qachon qaytrilmasligini ta’minlashning eng yaxshi yo’li davomli muloqot, mas’uliyat va yarashish orqalidir”, - deyiladi AQSh elchixonasi bayonotida.

XS
SM
MD
LG