Breaking News

Bush Eronning yadro qurolini qo'lga kiritishiga yo'l qo'ymoqchi emas


Prezident Bushning aytishicha, Qo’shma Shtatlar va Isroil Eronning yadro quroliga egalik qilishiga yo’l qo’ymaydi.

AQSh va Isroil, deydi prezident Bush, terrorizmga qarshi kurashda yaqin hamkorlar.

Bush Eronni terrorizmning bosh homiysi deya ta’riflab, bu davlat yadro qurolini qo’lga kiritsa, kelgusi avlodlar hayoti xavf ostida qoladi dedi.

“Dunyo davlatlari tinchlikni istasa, Eronni bu yo’ldan qaytarishi lozim”,- deydi Bush.

Eron prezidenti Mahmud Ahmadinajod yadro dasturi faqat atom energiyasi ishlab chiqarishni ko’zlaydi deb keladi.

Bush, shuningdek, Isroil-Falastin muzokaralarini tezlashtirishga harakat qilmoqda. Yanvar oyida prezidentlik muddati nihoyasiga yetar ekan, Bush ungacha Falastin davlatini tuzish bo’yicha bitim imzolanadi degan umidda.

Biroq G’azo sektori va Iordan daryosining G’arbiy sohilida yashovchi va hozirda tarqoq boshqaruv ostida yashayotgan falastinliklarni qanday qilib birlashtirish masalasi hamon ochiq qolmoqda.

Bush ta’bircha bo’lajak Falastin davlatida inson huquqlari e’zozlanib, terrorizm barham topadi.

“Qohiradan tortib Riyodgacha, Bag’doddan tortib Bayrutgacha bo’lgan hududda odamlar erkin va mustaqil hayot kechiradi. Eron va Suriyada tinchlik qaror topib, bugungi qo’poruvchilik siyosati o’tmishga aylanadi. Al-Qoida, Hizbulloh va Hamas kabi guruhlar yakson qilinib, musulmon ahli terrorizmning adolatsiz mohiyatini anglab yetadi”, deydi Bush.

AQSh prezidenti Isroilning 60 yilligiga bag’ishlangan tantanalarda ishtirok etmoqda. Biroq yangi davlat tarkib topgach, uni tark etishga majbur bo’lgan falastinliklar bu sanani mash’um kun deb biladi. Kecha G’azo sektoridan Isroilga qilingan raketa hujumi oqibatida o’nlab odamlar jarohatlangan.

Vashingtondagi Strategik va Xalqaro Tadqiqotlar Markazi rahbari Jon Alterman fikricha, Isroil 60 yoshni g’olib sifatida emas, balki hayot uchun mashaqqatli kurash olib borayotgan xorg’in davlat sifatida qarshi olmoqda.

Prezident Bush ertaga Saudiya Arabistoniga yo’l olib, qirol Abdulla bilan uchrashadi. So’ng Misrda Falastin, Afg’oniston va Iordaniya rahbarlari bilan muloqot qiladi.

XS
SM
MD
LG