Breaking News

Amerika bu safar kimni prezidentlikka saylaydi?


Amerikada so'nggi yillarda saylovlarga qiziqish kamayib ketgan va fuqarolarning katta qismi, ayniqsa ziyoli va kasbli kishilar ovoz bermay qo'ygan edi.

Bu yilgi prezident saylovlari oldidan siyosat va saylovlarga ahamiyat ortgan. Omma nomzodlar poygasini ishtiyoq bilan kuzatmoqda va ularni saralashda faol ovoz bermoqda.

Ikki yirik partiya- Respublikachilar va Demokratlar safi bu yilning o'zida millionlab a'zoga kengaygan. 4 noyabrdagi saylovda fuqarolarning aksariyati o'z burchini o'tashga tayyor. Bu, deydi amerika siyosatchilari, davlatning ichki va tashqi siyosatida katta burilishlarga olib borishi mumkin.

AQShda rok musiqachilar yoshlarni saylovda faol qatnashishga chorlab, qo’shiqlar aytmoqda. Bu chiqishlar ortida qator yangi tashkilotlar turibdi. Saylovga chiqish “yana modada” deydi ayrimlar.

AQSh tarixida yoshlar tomonidan yuritilgan hozirgidek yirik siyosiy tashkilotlar bo’lmagan. Saylovda ovoz berishni partiyalar emas, aynan shu jamoatchilik muassasalari targ’ib qilmoqda.

Fuqarolik burchini o’tang deya undayotgan tashkilotlardan biriga Xezer Smit boshchilik qiladi.

"Bu yil unutilmas davr bo’ladi. Prezidentlikka nomzodlarni saralash uchun o’tkazilgan saylov va kengashlarda avvalgiga qaraganda uch-to’rt baravar ko’p odam qatnashyapti",- deydi Smit.

Senator va prezidentlikka da’vogar Barak Obama yoshlarda siyosatga ishtiyoq uyg’otayotgan arbob deya tilga olinadi. “Kelajakni siz - yoshlar belgilashingiz kerak, chunki bugungi siyosat erta uchun zamin yaratadi”, -deydi Obama.

Biroq saylovlarda katta yoshdagilar ham ancha faollashgan.

Qo’shma Shtatlar bo’ylab olingan rasmiy hisoblarga ko’ra, uch yarim million kishi saylovchi sifatida ilk marta ro’yxatdan o’tgan.

Ayniqsa, qora tanlilar, xotin-qizlar, chekka hududlardagi dehqonlar, quyi tabaqa vakillari.

Siyosiy tahlilchi Skott Kiter to’rt yil oldin Bush prezidentlikka qayta saylanganida juda kam fuqaro saylovga chiqqan deydi.

"Bu yilgi saylov o’zgacha ruhda o’tadi. Demokratik partiya tarafdorlari jonbozlik ko’rsatmoqda. AQShda siyosiy manzara kun sayin yangicha tus olmoqda".

Respublikachilar partiyasining ichki saylovlariga ham kutilganidan ko’proq odam chiqdi. Senator Jon Makkeyn bu tanlovlarda raqiblaridan ustun kelib, yagona nomzod sifatida tanlandi.

Demokratik partiya, siyosatdonlar nazarida, ikki o't orasida. Undan chiqqan da'vogarlarning biri oq tanli ayol, ikkinchisi qora tanli erkak.

Mamlakat o'tmishda bunday sinov bilan hech qachon yuzlashmagan. Har ikki nomzod o'z ustunligiga, o'ziga xos tajriba va nufuzga ega. Har ikkisi Bushdan qoladigan siyosatni qat'iyan o'zgartirishga, ichki va tashqi siyosatni tubdan yangilashga va'da bermoqda.

Senator Xillari Klinton millionlab amerikaliklar tomonidan quvvatlanmoqda, biroq raqibi Barak Obamadan o'ta olmayapti.

Xillari Klinton "shtatma-shtat o'tadigan saralash musobaqalari nihoyasiga yetmaguncha, poygadan chiqmayman",- demoqda. Respublikachilar partiyasi nomzodi senator Jon Makkeyn demokratlardan kim maydonga chiqsa ham, Oq Uy yana bizga tegadi deya ishonch bildirmoqda.

Amerikaning yangi saylovchilari, deydi siyosatdonlar, asosan Demokratik partiyani quvvatlamoqda. Sabab, deya tushuntiradi tahlilchilar, "original nomzodlar". Qora tanli yosh senator Barak Obama va "temir xonim" deya tanilgan Xillari Klinton.

"Demokratik partiyadan chiqqan da’vogarlar orasida raqobat shu qadar kuchliki, ularga qiziqmasdan iloj yo’q. Har ikki nomzod omma e’tibori va ishonchi uchun jon-jahdi bilan kurashmoqda",- deydi Kiter.

Lekin Amerika siyosiy tarixini o’rgangan ayrim mutaxassislar “saylovchiga ishonmang” deya ogohlantirmoqda. Qancha odam ovoz bergani va kimni yoqlagani faqat 4 noyabrdan keyin ayon bo’ladi deydi professor Kurtis Gans.

"Qancha odam chiqishi yoki aynan kimga ovoz berishini bashorat qilish qiyin. Ko’p odam ovoz beradi, ammo saylovgacha fuqarolar fikri o’zgarib qolishi mumkin".

Amerikada avvalgi prezident saylovlarida fuqarolarning 57 foizi ovoz bergan edi. Tarixda bunchalik past foiz kuzatilmagan.

Bugun ko’pchilik amaldagi siyosat, urushlar va Amerikaning jahondagi nufuzi tushib borayotganidan norozi. Saylov uchastkalariga odamlarni ana shu omillar yetaklasa ajabmas.

XS
SM
MD
LG