Breaking News

Oziq-ovqat qimmatlashishiga olib keluvchi omillar


Jahonda oziq-ovqat qimmatlashar ekan, mutaxassislar nazarida bunga qator sabablar bor. Bioyonilg’i ishlab chiqarish jadallashgani, neft narxining tobora oshayotgani, mahsulotlar kamomadi, investorlar faoliyati shular jumlasidan. Ko’plab mutaxassislar nazarida aniq bir sababni ko’rsatib bo’lmaydi.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti hisobiga ko’ra, so’nggi to’qqiz oy ichida jahon bo’ylab oziq-ovqat narxlari 45 foizga ko’tarilgan. Jumladan, so’nggi uch yil ichida bug’doy narxi 180 foizga, guruch esa bu yili 76 foizga qimmatlashgan. Natijada rivojlangan davlatlar oziq-ovqat uchun daromadining 60 foizigacha sarflashga majbur. Metallar va minerallar ham bir yil ichida ikki-uch baravarga qimmatlashgan.

O’tgan yili ayrim davlatlarda hosildorlik juda yuqori bo’lganiga qaramay, ob-havoning yomon kelishi va qurg’oqchilik boshqa mamlakatlar qishloq xo’jaligiga katta zarar yetkazgan.

Vashingtondagi Iqtisodiy siyosatni o’rganish markazi rahbari Din Beykerning aytishicha, talab yuqoriligi bois bug’doy zahiralari kamaymoqda.

"Savdo cheklovlari va chayqovchilik katta muammo tug’dirmoqda. Avstraliya, Yaponiya va boshqa davlatlarda guruch kam yetishtirilgach, mahsulot eksporti keskin cheklandi. Makkajo’xoridan oziq-ovqat o’rniga bioyonilg’i sifatida foydalanish ham kamomadni kuchaytirgan. Talab esa oshmoqda. Ayniqsa aholisi katta Xitoy va Hindistonda," deydi Beyker.

Yana bir mutaxassis Deyvid Leymanning aytishicha, ayrim davlatlardagi iqtisodiy rivojlanish talabni oshirmoqda.

"Masalan, Xitoy va Hindistonda millionlab odamlar daromadi oshdi. Go’shtga talab kuchaydi. Chorva esa o’z navbatida ozuqaga ehtiyojni kuchaytirdi," deydi u.

O’tgan yildan beri qator rivojlanayotgan davlatlar bug’doy eksportini to’xtatib qo’ygan. Ba’zi mamlakatlarda esa narxlarning ko’tarilganidan g’azablangan odamlar namoyishlar uyushtirgan.

Iqtisodchi Maksimo Torreroning aytishicha, savdo cheklovlari vaziyatni salbiylashtiradi xolos.

"Argentina, Kambodja, Xitoy, Efiopiya, Hindiston kabi eksportchi davlatlar savdo to’siqlarini qo’ymoqda. Ular bu bilan narxlarni tushirib, siyosiy inqirozning oldini olmoqchi. Biroq mahsulot jahon bozoriga chiqmagani uchun daromad kam bo’ladi, bu esa yana narx ko’tarilishiga olib keladi."

Torrero nazarida oziq-ovqat narxlari qimmatlashishining 30 foizi bioyonilg’iga bo’lgan talabga, 20-25 foizi esa savdo cheklovlariga to’g’ri keladi.

"Qolganiga esa," deydi iqtisodchi, "talabning ko’tarilib borayotgani, moliyaviy qalloblik sabab, chunki narxlar sun’iy ravishda o’zgarmoqda. Savdo cheklovlari qo’yilmay bozor ochiq bo’lganda edi, haqiqiy narxni bilib, unga nisbatan zarur choralar ko’rilardi."

Ayova universitetidan iqtisodchi professor Chad Xartning aytishicha, hozirgi muammolar vaqt o’tib bartaraf etilsa ham, narxlar hech qachon o’zining oldingi holiga qaytmaydi.

"Gap shundaki, jahon aholisi soni va uning o’rtacha daromadi bilan birga oziq-ovqat va yonilg’iga talab ham oshib boraveradi. Demak, narxlar ham oldingiga qaraganda yuqori bo’ladi," deydi Xart.

Uning aytishicha, ayni damdagi muammo bir-ikki yil ichida hal bo’lishi mumkin. Chunki bu davr mobaynida yetishtirish sur’ati kuchayib, qishloqlardan shaharlarga migratsiya bir oz pasayadi.

Yana bir omil - bu fyucherz bozorlari faoliyati.

Yonilg’i narxlarining ko’tarilishi, oziq-ovqatga bo’lgan talabning oshishi, yerdan bioyonilg’i ishlab chiqarishda foydalanish - bularning barchasi ko’plab sarmoyadorlar uchun fyucherz bozorlarida mo’maygina pul ishlash imkoniyatini berdi.

"Pulini hamisha aksiya va zayomlarga tikkan kompaniyalar xom-ashyo va tovarlar ham foyda keltirishini anglab yetgan. Shunday qilingan taqdirda daromad yo’qotish ehtimoli pasayadi," deydi Deyvid Leyman.

So’nggi bir necha yil ichida AQShdagi sarmoya jamg’armalari, olib-sotarlar va xususiy sarmoyadorlar fyucherz bozoridagi tovarlarga milliardlab dollar sarflagan, ya’ni shartnomalarni bir necha yil oldinga tuzib qo’ygan.

Ayova universiteti iqtisodiyot professori Chad Xartning aytishicha, ba’zi investorlar nafaqat qishloq xo’jalik mahsulotlariga, balki istalgan mollarga diqqat qaratmoqda.

"Shu tariqa ular pulini inflyatsiya va dollarning zaiflashishidan himoya qilmoqchi," deydi olim.

Tahlilchi Chak Pirson investorlar faoliyatidan tashqari boshqa omillarni ham hisobga olish kerak deydi.

"Olib-sotar firmalar bugun bor, ertaga yo’q. Narx ko’tarilsa, ular bozorga kirib, narxlar nisbati hisobiga pul qilishga intiladi. Biroq sarmoya jamg’armalarini ham hisobdan chiqarmaslik kerak, chunki ular juda ko’p shartnomalarni sotib olishga qurbi yetadi," deydi mutaxassis.

AQShning fyucherz savdolarini nazorat etuvchi komissiyasi xulosasiga ko’ra, oziq-ovqat narxining oshishiga bozordagi turli moliyaviy operatsiyalar asosiy sabab bo’lmagan.

Vashingtondagi Iqtisodiy siyosatni o’rganish markazi rahbari Din Beyker yonilg’i narxi va oziq-ovqatga talabning ko’tarilib borayotganini asosiy sabab qilib ko’rsatadi.

"Olib-sotarlik vaqtinchalik o’zgarishlarga olib keladi xolos. Chunki bunday kompaniyalar mahsulotni bozordan uzoq vaqt ushlab turolmaydi. Oziq-ovqat tez buziladigan mahsulot bo’lgani sabab ular tovarni bozorga olib chiqishga majbur."

Biroq ba’zi tahlilchilar nazarida narxlarning ko’tarilishidan AQShdagi fermerlar foydalanishi kerak, chunki hosildorlikni oshirib, buning ketidan qo’shimcha daromad ko’rish mumkin.

XS
SM
MD
LG