Rossiyadagi inson huquqlari faollari prezident Dmitriy Medvedevni saylov-oldi va’dalariga amal qilib, siyosiy mahbuslarni ozod etishga undamoqda.
Rossiyada sud hukmlarini sotib olish yoki tanish-bilishchilik orqali o’zgartirish mumkinligini Medvedevning o’zi yaqinda tan olgan edi, deydi faollar.
Qator huquq tashkilotlari yangi prezidentga maktub yo’llab, ular nazarida “siyosiy ta’qiblarga” uchragan va uzoq muddatga qamalgan 15 kishini avf etishni so’ramoqda.
Huquq himoyachilarining aytishicha, Rossiya qamoqxonalarida 100 dan ortiq siyosiy mahbus bor – josuslikda ayblangan olimlar, terrorizm aybi qo’yilgan musulmonlar va iqtisodiy jinoyatlarda aybdor topilgan tadbirkorlar, jumladan Yukos neft kompaniyasining sobiq rahbari Mixail Xodorkovskiy.
Ernest Chyorniy - Olimlarni Himoya qilish qo’mitasi a’zosi. Uning aytishicha 2000 yilda sobiq prezident Vladimir Putinning chet elliklar bilan hamkorlikni jinoyatga tenglashtirgan nutqidan so’ng, ziyolilarga bosim o’tkazila boshlangan.
Chyorniy fikricha, tadbirkorlar esa ularning mol-mulkini tortib olish yoki muxolifatchilarga xayrixoh bo’lganlarini yo’q qilish maqsadida nishonga olingan.
Prezident Dmitriy Medvedev adliya tizimini isloh qilish lozim deydi. “Sud organlariga turli bosimlar, jumladan qo’ng’iroqlar va pora orqali ishni bitkazish odat tusiga kirgani sir emas”, - deydi Medvedev.
Faollar ta’biricha bu bayonot qamoqxonalarda begunoh odamlar ham o’tirganini tan olish bilan barobar.
“Ahvol shu ekan, prezidentga bu mahbuslar ro’yxatini taqdim etyapmiz. Adliya islohotini ularni avf etishdan boshlash kerak”, - deydi huquq faoli Lev Ponomarev.