Breaking News

Xalqaro Amnistiya: dunyoda xavfsizlik erkinlikdan ustun qo'yilmoqda


"Xalqaro Amnistiya" tashkilotining 2008 yilgi hisobotiga ko’ra, dunyoda adolat va qonun ustuvorligi uchun kurash kuchaygan, lekin inson huquqlari hamon keng miqyosda poymol etilmoqda.

81 davlatda odamlar qiynoqqa solinadi. 77 mamlakatda so’z erkinligi cheklangan. 54 davlatda sud tizimi adolatsiz.

Hisobotda Qo’shma Shtatlar va Xitoy tanqid qilinadi. AQSh boshqalarga o’rnak bo’lishni da’vo qiladi, biroq Guantanamo qamoqxonasida mahbuslarning tahqirlanishi uni obro’sizlantirayapti deydi Xalqaro Amnistiya tashkiloti xodimlari.

Xitoy esa so’z erkinligini bo’gayotganlikda ayblanmoqda. Hisobotda aytilishicha, dunyoda xavfsizlik masalasi inson huquqlaridan ustun qo’yilmoqda.

Jumladan, O’zbekiston, Rossiya, Qozog’iston va Xitoy mintaqaviy tinchlik va terrorga qarshi kurash yo’lida hamkorlik qilmoqda. Va aksariyat hollarda xalqaro qonunlarga xilof tarzda qochqinlarni majburan vataniga qaytarmoqda.

Bu qochqinlar esa vatanida qiynoqqa solinishi mumkin deyiladi hijjatda. Bundan tashqari, hisobotga ko’ra, Turkmaniston, O’zbekiston, Rossiya va Ukraina kabi davlatlarda izchil tergov yo’lga qo’yilmagani bois jinoyatlar jazosiz qolmoqda.

Yevropa va Markaziy Osiyoda o'lim jazosini bekor qilish borasida sezilarli siljish kuzatilgan. Qozog'istonda terrorizm bilan bog'liq jinoyat uchungina o'lim jazosi beriladi.

Qozog'iston va Tojikistonda o'lim jazosi ijrosiga moratoriy qo'yilgan.

O'tgan yili O'zbekiston va Qirg'iziston hukumati qonunchilikka tuzatish kiritib, o'lim jazosi umrbod yoki uzoq muddati qamoq jazosi bilan almashtirilgan.

Turkmanistonda yangi prezident Qurbonguli Berdimuhamedov qator islohotlar amalga oshirgan bo'lsa-da, inson huquqlari borasida jiddiy o'zgarish ko'zaga tashlanmagan.

O'zbekiston va Belarusda so'z erkinligi cheklangan, huquq faollari va mustaqil jurnalistlar muntazam ta'qib qilinadi deyiladi "Xalqaro Amnistiya" hisobotida.

XS
SM
MD
LG