Breaking News

Afg'onlar bolani ko'knor berib ovutadi, dardni afyun bilan yengadi


Xalqaro hamjamiyat, ya’ni dunyo siyosatini tebratuvchi davlatlar, tashkilotlar va rahbarlar nazarida Afg’oniston, shubhasiz, yer yuzidagi eng zaif jamiyatlardan biri.

AQSh uni qoloqlik botqog’idan olib chiqishni va’da qilgan, ammo taraqqiyot juda sekin. Afg’oniston nafaqat eng ko’p qoradori yetishtiradigan mamlakat, balki aholisining katta qismi afyun va ko’knorsiz yashay olmaydi.

Balx viloyati – gilamchilar yurti. Gilam to’qish asosan turkmanlar yashovchi bu o’lkada avloddan-avlodga o’tib kelayotgan kasb.

Avlodlarni zanjirlab olgan afyun esa O’zbekiston bilan chegaradosh bu mintaqa ahlini yemirib keladi. Mana bu onaxon o’zini Najiba deb tanishtiradi.

“To’qigan gilamlarimni shahardan kelib olib ketishadi”,- deydi u. “Qishloqda do’xtir yo’q. Butun vujudim og’riydi. Azobni afyun yengadi. 16 yildan beri shu ahvol. Kunim ko’knor bilan boshlanib, ko’knor bilan tugaydi”,- deydi u.

"Erta bilan turib, afyun qani deyman”.

Qancha miqdorda?

”No’xatdek. Kuniga ikki marta”.

Najibaning kelini sil bilan kasallangan. Yig’loq nabirasini ham afyun berib ovutadi. “Ish qilmasam, gilam to’qimasam, oilam och qoladi axir”,- deydi onaxon.

“Har tong ko’knor qaytanib, bolaga ichiramiz. Kuni bilan uxlaydi”.

Giyohvandlik Afg’onistonda faqat qishloqlarga xos illat emas.

Shifokor Muhammad Farid Bazgar millionlab afg’onlar qoradoriga mukkasidan ketgan deydi. Giyohvandlik jins, yosh, qishloq yoki shahar tanlamaydi.

BMT Qoradori va Jinoyatga Qarshi Kurash Idorasiga ko’ra, Erondagi qochqinlar lagerlaridan vatanga qaytayotgan yoshlar afyunga shu qadar berilganki, ularni vaqtida olmay, talvasaga tushib, jon berayotganlar ko’p.

Afg’oniston afyuni Eron va Markaziy Osiyo orqali bozorga chiqadi.

30-40 yil ilgari geroin desangiz, odamlar bu nima deb so’rar edi. Uzoq yillik urush boshqa muammolar qatori shu baloni ham boshimizga olib keldi. Zurriyotimizni tamoman zaharlamoqda”.

Do’xtirlar giyohvandlik zararini tushuntirishga urinmoqda. Ba’zilar quloq tutmoqda, boshqalar esa xavfli kasalliklarni orttirib bo’lgan – SPID keng tarqalib bormoqda.

Tinchlik va to’qlik bu muammolarga asta barham berishi mumkin deydi mutaxassislar. Savodsizlik, ishsizlik, imkoniyatsizlik va parokandalikni yengish kerak.

Ungacha esa Afg’onistonning qishloq va shaharlarida qozonini zo’rg’a qaynatayotgan aholi malhamni ko’knordan izlayveradi.

XS
SM
MD
LG