Breaking News

AQSh: O'zbekiston demokratiya yo'lida dadilroq qadam tashlashi lozim


AQSh nazarida O’zbekistonda inson huquqlari ahvoli o’gir, ammo mazkur yil boshida bu yo’lda kichik ijobiy qadamlar tashlangan.

Departament hisobotlarida O’zbekiston hamon siyosiy erkinliklar oyoq osti bo’layotgan davlat sifatida tilga olinadi.

Mamlakatda mustaqil siyosiy partiyalar yo’q. Muxolif guruhlar bosim ostida va ro’yxatdan o’ta olmaydi.

O’zbekiston sudlari hukumatga tobe, deyiladi hisobotda. Odatda sud hukmlari oldindan ma’lum. Sudlanuvchilar huquqiy yordamdan mahrum qilingan hollar kuzatilgan.

O’zbekiston 2007 yilning noyabrida Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan sistematik qiynoqlar makoni deb tan olingan.

Rasmiy Toshkent, shuningdek, no-hukumat tashkilotlarni nazorat qilishda hamda huquq himoyasi bilan shug’ullanuvchi guruhlarni ta’qib qilishda davom etyapti.

AQSh Davlat departamenti nazarida O’zbekistonda matbuot juda zaif ahvolda. Siyosiy mavzularni yorituvchi veb sahifalar qisman yoki butunlay yopiq. Senzura keng qo’llaniladi.

Inson savdosi ham O’zbekistonda katta muammo. Hukumat xalqni bu muammo haqida voqif etayotgan bo'lsa-da, deydi AQSh rasmiylari, samarali kurash strategiyasi ishlab chiqilmagan.

AQSh hukumati O’zbekistonni 2005 yilgi Andijon voqealarini mustaqil tergov qilishga, mahalliy va xorijiy no-hukumat tashkilotlarning erkin ishlashi uchun yo’l berishga chaqiradi.

To’siqlarga qaramasdan, deyiladi Davlat departamenti hisobotida, Qo’shma Shtatlar inson huquqlari va demokratiya yo’lida O’zbekiston hukumati bilan muloqotni davom ettirmoqda.

XS
SM
MD
LG