Breaking News

Korrupsiya afg'on xalqiga qoradoridan qutulishga yo'l bermayapti


Afg’oniston nafaqat qoradori makoni, balki yulg’ichlik va poraxo’rlik eng chuqur ildiz otgan jamiyatlardan biri.

Uzoq yillik urushlar mamlakat ichki tizimini tamoman ishdan chiqargan va uni tiklash ishlari juda sekin kechmoqda.

AQSh rasmiylarining aytishicha Afg’oniston taraqqiy etishi uchun ko’knor dalalarini yo’qotish va dehqonlarni uni ekishga majburlayotgan omillar va yovuz kuchlarni yengish kerak.

Biroq, deydi tanqidchilar, bu uzoq muddatga mo’ljallangan va hozircha samara bermayotgan reja.

Afg’on sudlarida esa qoradori savdogarlari javobgarlikka tortilmoqda.

Afyun bozorini tebratadigan insonlar iziga tushish o’lim bilan yonma-yon yurish demakdir. Tergov ishlari juda sekin va samarasiz.

Afg’on adliya tizimi hamon zaif va mohir tergovchilarga zor. Sudya Mukrima Akromiy kasbiga sodiq, lekin uyushgan jinoyatchilar uning har qadamini kuzatib turganini biladi. Ular har narsaga qodir.

“Qo’rqaman, albatta. Ko’chaga chiqishga hayiqaman. Qoradori savdogarlarining tili bir. Oila a’zolarimni yoki o’zimni garovga olishi, o’ldirishi mumkin. Lekin ishimdan ketmayman. Ularni sudlashda davom etamiz”, -deydi sudya.

Sudlanayotganlar esa hukumatni va adliyani ko’zbo’yamachilikda ayblaydi.

“Har bir afg’on va hatto hukumat ham biladiki”, - deydi ulardan biri, “qoradori savdosi xalqni boqmoqda. Bu savdo ortida turganlar orasida rasmiylar, yuqori lavozimli insonlar, politsiyachilar va qonunchilar bor. Juda kuchli to’da. Ularning hammasi erkin”.

Afg’on rahbariyati korrupsiyada ilk bor ayblanayotgani yo’q. Buni hukumat tarafdorlari ham, tanqidchilari ham ochiq aytib keladi.

“Korrupsiya juda, juda jiddiy muammo”,- deydi AQSh rasmiysi Tomas Shveych. “Ichki ishlar tizimi korrupsiyaga botgan. Mahalliy hokimiyatlar, mutasaddi va amaldorlar orasida ham yulg’ichlik va poraxo’rlik hollari kuzatiladi. Har jabhada shunga guvoh bo’lasiz. Afsuski, Afg’oniston jamiyatida bu illat juda chuqur ildiz otgan. Xususan qoradori masalasiga kelganda ham”.

Yangi qonunlar foyda bermoqda, deydi huquqshunoslar, ammo jinoyatchilar uchun ularni chetlab o’tish hali ham oson.

Yaqinda qoradori biznesi egalaridan biri Hoji Boz Muhammad qo’lga tushdi. Ammo Afg’oniston sudiga tortilmay, Qo’shma Shtatlar qo’liga topshirildi.

“Hoji Boz Muhammad AQShga ekstraditsiya qilindi. Dunyodagi eng xavfli va anchadan berib qidirilayotgan jinoyatchilardan biri”,- deydi AQSh federal tergovchisi Karen Tandi.

“Boz Muhammad geroin savdo yo’lini boshqarganini tan olgan. Geroin Afg’onistondan Pokiston orqali AQShga import qilingan. 1990-2005 yillarda”, -deya tushuntiradi Boyd Jonson, AQSh prokurorlaridan biri.

”1994 yildan boshlab Boz Muhammad va uning jinoyatchilik tizimi AQShdan olingan daromad bilan Tolibonni quvvatlab kelgan. Tolibon esa ularni o’z himoyasida saqlagan”

Muhammad AQSh federal sudida 15 yillik qamoq jazosiga mahkum etildi.

Vaziyatni Afg’onistondan kuzatib turgan omma uchun bu xushxabar. Ammo bir yoki bir necha kishini sudga tortish bilan qoradori savdosi barham topmaydi.

Odamlarni bu biznesga yetaklayotgan masalalarga yechim izlash kerak. Afg’onlar boshqa zaruratlar qatori bu borada ham AQSh yordamiga muhtoj.

XS
SM
MD
LG