Ikkinchi Jahon Urushidan keyin AQSh tashqi siyosatini boshqarayotgan Jorj Marshall dunyoni, xususan Yevropani tiklash rejasi bilan chiqadi.
Urush qit’ani vayronaga aylantirgan, jamiyatu-iqtisod tanazzulga yuz tutgan bir davr edi.
Jorj Marshall to’rt yillik plan taklif qiladi va uning ijrosi uchun AQSh 13 milliard dollar ajratadi. Reja tarixdagi eng puxta loyihalardan biri deb tan olingan.
1947 yil, qonli urush tugaganiga atigi ikki yil bo’lgan. Fusunkor Yevropa - cheksiz vayrona. Ochlik, qashshoqlik girdobida. Buning ustiga qahraton qish urushdan chiqqan xalqni qiynaydi. Fashistlarning kuni bitgan, biroq G’arbiy Yevropa ichki nizolar arafasida.
Larri Blend tarixning bu davrini izchil o’rgangan olimlardan.
"Marshall planiga Yevropada yangidan urushlar boshlanadi degan xavotir sabab bo’lgan… Har tarafda tarqoqlik, ijtimoiy inqiroz kuzatilayotgan edi. Qayerga bormang, Yevropaning naqadar parokanda joyga aylanganini ko’rar edingiz. Och-yalongo’ch bolalar, ayollar… Manzara Amerikani qattiq tashvishga solgan. Buning ustiga Fransiya va Italiya kabi mamlakatlarda kommunistlar keng qanot yozayotgan davr edi",- deydi Bland.
Kommunistik partiyalar haqiqatan Fransiya va Italiyada kuchaygan edi. Sharqiy Yevropa esa Sovet armiyasi nazorati ostida. Ishsizlik hukmron, sanoatlar ishdan chiqqan.
Oziq-ovqat va kiyim-kechak bilan ta’minlashdan tashqari, Marshall plani iqtisodiyotni tiklashni maqsad qilgan. Ko’mir sanoati qaytadan ishga tushadi. Ko’mirsiz, yonilg’isiz, Yevropa zavod va fabrikalari ishlay olmas edi.
"Lekin G’arbiy Yevropa ko’mirni asosan Germaniyadan olardi. Germaniyada esa ko’mir konlari yo portlatilgan, yo sel bosgan edi. Germaniya ahvolni bir o’zi tuzata olmagach, AQSh yordam berishga majbur bo’ladi. Ko’mirni nemislar qaziydi, ammo Amerika ularning sog’lig’iga qaraydi, silga qarshi emlaydi, inshootlarni tuzatadi, ish joylarini yaratadi, qulayliklar hozirlaydi deya kelishiladi",- deydi Bland.
Qo’shma Shtatlar Yevropaga shart qo’yadi: ko’mir ishlab chiqarish, aholini yonilg’i bilan ta’minlash va sanoatlarni tiklashda o’zaro hamkorlik qilinadi.
Buning evaziga AQSh to’rt yil mobaynida 16 davlatga jami 13 milliard dollar moliyaviy yordam beradi. Bugungi hisobda 100 milliard dollar.
Marshall plani nafaqat moddiy, balki ruhiy madad sifatida ko’rilgan. Hatto sobiq dushmanlar – Italiya va Germaniya uchun ham.
Nemis diplomati Karsten Voyt o’sha paytlarda yosh bola edi. "Amerikaning beg’araz yordami bizga umid bag’ishlagan, qorong’u kelajak ko’z oldimizda asta yorug’lasha boshlagan",- deydi u.
"Gap milliardlab dollarda bo’lmagan. Yevropaning ruhi ko’tarilgan. Unga quvvat bag’ishlagan. Chunki amerikaliklar ruslarga qaraganda haqqoniy, halol odamlar edi. Ular bosqinchi emas, hamdard insonlar, zo’ravon emas, rahmdil kishilar sifatida gavdalangan".
Britaniya Bosh vaziri Uinston Cherchill Marshall rejasini tarixdagi eng ulkan savob deya atagan.
Vayronalar o’rnida shaharlar tiklandi. To’rt yilda G’arbiy Yevropa iqtisodiyoti 32 foizga o’sdi. Eng muhimi, iqtisodiy taraqqiyot uchun zamin yaratildi. Xususiy sektor barq ura boshladi. Raqobat, erkinlik, oshkoralik va oldinga intilish bora-bora Yevropa Ittifoqini vujudga keltirdi.