Pokiston aprel oyida afg’on qochqinlari yashagan yirik lagerni yopishni boshlagan. Rasmiy Islomobod Tolibon lagerdan boshpana sifatida foydalanyapti degan xavotirda. 70 mingdan ziyod qochqin lagerdan ko’chirilmoqda. Ko’plari vatani Afg’onistonga qaytyapti.
Qochqinlar lagerdagi shaxsiy yuklarini mashinalarga ortib tog’li dovonlar orqali vataniga qaytmoqda. Ayrimlar lagerda shu qadar uzoq bo’lganki, Afg’onistondagi o’zgarishlardan bexabar.
Jalozay qochqinlar lageri chegaradan 30 kilometrcha shimolda, Xaybar tog’ yo’lagi ortida joylashgan. Pokiston hukumatiga ko’ra lagerda toliblar o’rnashib olgan va ular solayotgan tahdidning oldini olish uchun uni yopish kerak.
Qochqinlar o’zlaridan keyin bironta narsani, hattoki g’isht bo’lagini ham qoldirib ketayotgani yo’q.
Umrining so’nggi 27 yilini lagerda o’tkazgan Nurilla ismli afg’onning aytishicha, u vatanini eslay olmaydi. Ammo lager yopilar ekan, qaytishdan o’zga chorasi yo’q.
"Qayerga borishni ham bilmayman," deydi u.
Jalozay sirtdan qochqinlar lageridan ko’ra katta qishloqqa o’xshaydi. Aksariyat qochqinlar bu yerga 80-yillar boshida Sovet qo’shinlari Afg’onistonga kirgach kelgan.
Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko’ra, Pokiston 2009 yil oxirigacha ikki yarim millionga yaqin afg’onning vataniga qaytishini istaydi.
Ammo BMTning Qochqinlar bo’yicha agentligi xodimi Salvatore Lombardoning aytishicha, Pokiston shoshilmagani ma’qul.
"Pokiston afg’on qochqinlarini o’zida qabul qilishdan charchagan bo’lsada, ularga sabr tilaymiz. Agar Afg’onistonga birdaniga ko’p sonli aholi qaytsa, mamlakat gumanitar inqirozga yuz tutishi mumkin," deydi BMT vakili.
Inson huquqlari bilan shug’ullanuvchi Human Rights Watch tashkiloti hisobicha, so’nggi 30 yil ichida Afg’onistonni yetti millionga yaqin kishi tark etgan. Jumladan Erondan bir yarim million, Pokistondan esa ikki milliondan ziyod afg’on boshpana topgan.
Vataniga qaytayotgan afg’onlar uchun yo’l xavfsiz emas. Har qadamda qaroqchi va yer osti minalari ularni kutmoqda.
Qochqinlar uchun boshlang’ich manzil Kobuldagi BMT markazlaridan biri. Bu yerda ularga dori-darmon, 100 dollar pul va yer osti minalari haqida axborot beriladi.
Afg’onistonning qochqinlar ishlari bilan shug’ullanuvchi vazirligi maslahatchisi Abdul Qadar Zaziyning aytishicha, qochqinlarning qaytayotgani yaxshi, ammo ular ko’p qiyinchiliklarga duch kelishi aniq.
Xavfsizlik, turar-joy va ish masalasi ular uchun eng katta muammo, deydi u.