Breaking News

Amerika qora tanli prezidentga tayyormi?


Amerikada saylov yili ekan, nomzodlar shaxsiyati, tarjimai holi va umuman, tashlagan har bir qadami elakdan otkazilmoqda.

Respublikachi nomzod Jon Makkeyn (John McCain), urush qahramoni, tajribali senator. Ammo uning oq tanli ekani va yoshi anchaga - 72 ga borib qolgani ham jamoatchilik og’zidan tushmayapti.

Amerika xalqi olamshumul o'zgarishlar qilishga qodir deb bong urayotgan demokrat nomzod – Barak Obama (Barack Obama) esa qora tanli yosh siyosatchi.

AQSh siyosatida anchadan beri o’z o’rniga ega Xillari Klinton (Hillary Clinton), oq tanli arbob mamlakat tarixida prezidentlik uchun kurashgan va eng keng qo’llab-quvvatlangan ayol sifatida tarix sahifalariga kirmoqda.

Irq va jins shu tariqa kun tartibidagi masalalar. Matbuot bu muhim emas, deydi, ammo unga diqqatni qaratishdan toymaydi.

Sobiq prezident, 1976 yilda qora tanlilar quvvatlovida Oq Uyga saylangan va bugun 84 yoshini qarshilayotgan Jimmi Karter (Jimmy Carter) bu afsuslanarli hol deydi. Amerika irq tanlamaydi degan da’volar qayerda qoldi deya so’raydi u.

Jimmi Karter Amerikaning Jorjiya shtatida ziyoli, ammo dehqonchilik qilib kun ko’radigan bir oddiy oilada katta bo’lgan.

Jorjiya tarixda quldorlikni yoqlagan, qora tanlilar uzoq davrlar ezib ishlatilgan shtatlardan biri.

"Bolaligimdan qora tanlilarga begona sifatida qaramaganman”,- deydi Karter.

Jimmi Karter “irq men uchun hech narsani anglatmaydi” deydi. O’z esdaliklarida hayotidagi besh muhim insonni tilga oladi. Ulardan uch nafari qora tanlilar.

”O’sha insonlar menga hayot nimaligini o’rgatgan. Dunyoqarashimni shakllantirgan. Meni tarbiyalagan. Ahloq, e’tiqod, hurmat va izzat haqida saboq bergan. Ular chin insonlar edi. Afro-amerikaliklar madaniyatini o’rgatgan. Shunday tarbiya ko’rganim bilan faxrlanaman”,- deydi sobiq prezident.

Biroq Karter ulg’aygan davr, XX asrning birinchi yarmi, Amerikaning irqchilik tarixi bilan chambarchas bog’liq. Diskriminatsiya uchiga chiqqan, tahlikali bir davr sifatida tilga olinadi.

Jimmi Karter prezidentlikka intilgan yili - 1976 yilda ham irq AQSh siyosatida muhim bir omil edi.

Karterning Demokratik partiyadagi raqibi, Alabama shtati gubernatori Jorj Vollas (George Wallace) irqiy kamsitishlari bilan tanilgan siyosatchi, Karterga saralash musobaqalarida ancha zarba bergan.

Ammo nomzod sifatida maydonga baribir Karter chiqqan.

“Afsuski bugungi siyosatda ham irqchilik ko’zga tashlanadi",- deydi Karter. "Ko’rib qo’rqib ketaman”.

Qo’shma Shtatlar prezidentlikka nomzodlarni tanlar ekan, bu mamlakat qora tanli prezidentga tayyormi degan savollar ko’tarildi. “Albatta, tayyor”,- deydi Jimmi Karter.

Nomzodni irqi yoki jinsi emas, ishiga, siyosatiga qarab baholang deydi sobiq prezident.

"Bu yilgi saylov shu bo’lmag’ur munozaralarga nuqta qo’yadi degan umiddaman. Onam tirik bo’lganida prezidentlikka qora tanli yoki ayol nomzodni ko’rib g’ururlangan bo’lardi. Bu axir qancha qancha insonlar uchun armon bo’lib qolgan”.

Haqiqatan ham ko’pchilik amerikaliklar, hatto Barak Obamani yoqlamayotgan fuqarolar ham, qora tanli arbobni prezidentlikka saylash Amerika davlatchiligi va jamiyatida yangi sahifa ochadi degan fikrda.

Jimmi Karter faqat prezident sifatidagi xizmati uchun emas, Oq Uydan keyingi ishlari, xususan barqarorlik va demokratiya targ’iboti yo’lida qo’shgan hissasi bilan ham ko’proq tanilgan. Tinchlik uchun Nobel mukofotiga ham munosib ko’rilgan.

XS
SM
MD
LG