Breaking News

Kreml AQSh va Yevropa Ittifoqiga do'stga zor emasligini ko'rsatmoqchi


Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev lavozimiga kirishgach, birinchi navbatda Qozog’iston va Xitoyga safar qildi.

Bu ikki mamlakat tanlangani bejiz emas – Kreml AQSh va Yevropa Ittifoqiga do’stga zor emasligini ko’rsatmoqchi bo’lyapti, deydi sharhlovchilar.

Dmitriy Medvedevning Qozog’iston va Xitoyga safari chog’ida asosan iqtisodiy mavzularga urg’u berildi. So’nggi 8 yil ichida Moskva-Pekin o’rtasida savdo hajmi yetti marotaba oshib, 48 milliard dollarga yetgan. Rossiyaning Yevropa bilan savdo ko’rsatkichlari bundan ancha past.

Lekin, deydi londonlik mutaxassis Bobo Lo, savdo balansi ko’proq Xitoy foydasiga xizmat qilyapti.

“Rossiyaning Xitoyga eksporti asosan neft, taxta-yog’och va qimmatbaho metallar, ya’ni xomashyodan iborat. Xitoy esa Rossiyaga xo’jalik va sanoat mollaridan tortib mashina va jihozlarlargacha sotadi. Xullas, buni teng manfaatli hamkorlik deyish qiyin”, - deydi Bobo Lo.

Prezident Medvedev Xitoyda yadro inshooti qurilishiga doir 1 milliard dollarga teng bitim imzolagan. Rossiya yadroviy texnologiyalarini sotish uchun Xitoyni muhim bozor deb biladi.

Kolumbiya Universiteti professori Robert Legvold so’zlariga ko’ra, Rossiya yonilg’i eksportining 80 foizi Yevropaga va atigi 3 foizi Osiyo davlatlariga yo’naltirilgan.

“Asosiy muammo - transport infratuzilmasining yo’qligida. Hozirda Rossiya Xitoyga neftni katta miqdorda temir yo’l orqali yetkazishi mumkin. Neft quvurlari qurish haqida esa gap ko’p”.

Rossiya-Xitoy munosabatlarida yana bir muhim yo’nalish bu qurol-yarog’ savdosidir. 1990-2006 yillar orasida Moskva Xitoyga yiliga 1.2 milliard dollarga teng qurol sotib kelgan, jumladan Suxoy rusumli samolyotlar, suv-osti kemalari va raketalar.

Tahlilchi Jeyson Layl deydi-ki, “Xitoy bu vaqt mobaynida Rossiya mahsulotlari dizayni, texnologiyasi va sir-asrorlarini o’rganib chiqishga ulgurdi va endi o’zi ishlab chiqarishga kirishmoqda. Natijada so’nggi 2-3 yil ichida Rossiyadan qurol xarid qilmay qo’ygan”.

Shunga qaramay, Rossiya va Xitoy muntazam qo’shma harbiy amaliyotlar o’tkazib turadi. BMT Xavfsizlik Kengashida ham bu ikki davlat yaqin hamkor. Kosovo o’lkasining Serbiyadan ajralishiga qarshi ovoz bergan va shu kungacha Eronga kuchli sanksiya qo’yish tashabbuslarini ma’qullamay keladi.

Pekinga tashrifi chog’ida Dmitriy Medvedev va Xitoy rahbari Hu Tsintao AQShning Yevropada mudofaa tizimi o’rnatish rejasini tanqid ostiga olgan.

Sharhlovchilar Rossiya va Xitoy pozitsiyalari ko’p jihatdan mushtarak ekanini qayd etadi, biroq hech bir mamlakat AQShga yoki G’arbga qarshi ittifoq tuzishgacha bormaydi.

XS
SM
MD
LG