Rossiyaning jahon yonilg’i bozorida kuchayayotgan mavqei Qo’shma Shtatlarni xavotirga solmoqda. AQSh nazarida Kreml tashqi siyosatini neft va gaz yordamida olib bormoqda, bu esa avvalambor AQShning Yevropadagi hamkorlari va Qo’shma Shtatlarga uzoq muddatda tahdiddir. AQSh Senatining Tashqi aloqalar qo’mitasi kecha ushbu mavzuda tinglov o’tkazgan. Tinglovda Tashqi siyosat va energetika bo’yicha yetakchi mutaxassislar Rossiyaning mavqei va uni muvozanatga keltirish uchun AQSh nima qilishi kerakligi haqida o’z fikrlarini bayon qilgan.
AQShning eng jiddiy xavotiri shundaki, Yevropa bo’linib bormoqda. Qit’a davlatlari umumiy pozitsiyani ishlab chiqish va tashqi siyosatlarini muvofiqlashtirishni uddalay olmayapti. Senatdagi tinglovda hisobot berishga taklif etilgan mutaxassislarning xulosasi bir: hammasiga Rossiya va uning yonilg’i siyosati aybdor.
Prezident Jimmi Karter davrida davlat xavfsizlik maslahatchisi bo’lgan AQShdagi nufuzli siyosatshunoslardan biri Zbignev Bjezinskiyning aytishicha, uzoq muddatda Rossiyaning g’arb dunyosi bilan yaqinlashish ehtimoli kuchli bo’lsada, yaqin muddatda bir necha sabablarga ko’ra undan ehtiyot bo’lish kerak.
"Rossiyaning ayni damdagi yonilg’i siyosati quyidagilardan iborat. G’arbning yonilg’i manbalarini diversifikatsiyalashtirish harakatlarini cheklash, Markaziy Osiyoni jahon yonilg’i bozoridan ajratib qo’yish, Rossiyani chetlab o’tgan Boku-Tbilisi-Jayxon neft quvurining tranzit nuqtalaridan biri Gruziyaga siyosiy bosim o’tkazib, quvur faoliyatini ishdan chiqarish va Boltiq bo’yi davlatlariga yonilg’ini kesib qo’yish."
Tinglovda ishtirok etgan yana bir mutaxassis, Vashingtondagi Gudzon tahlil institutida yonilg’i masalalari bo’yicha yetakchi ekspert Zeyno Baran fikricha, Rossiya o’z yonilg’i siyosatiga jiddiy e’tibor qaratadi. Gazpromning sobiq rahbari Dmitriy Medvedevning prezident etib saylanishi, sobiq Bosh vazir Viktor Zubkovning esa Gazprom rahbari etib tayinlanishi Kremlning yonilg’i masalasiga bo’lgan munosabatini namoyon etadi.
Zeyno Baranning aytishicha, Vladimir Putin prezidentligi davrida sobiq Sovet Ittifoqining yonilg’iga boy davlatlariga bir necha bor tashrif qilgan.
"Yangi prezident Medvedev ham ilk xorijiy safarini Qozog’istonga qildi. Kelasi oy boshida esa Turkmaniston va Ozarbayjonda bo’ladi," deydi mutaxassis.
Senat Tashqi aloqalar qo’mitasining nufuzli a’zolaridan biri, respublikachi senator Richard Lugar AQShning bu masalada diplomatik jihatdan passivligini tan oladi.
"Yanvar oyida Turkmaniston va Qozog’istonda bo’lganimda mintaqa rahbarlarining G’arb bilan hamkorlikka ishtiyoqiga guvoh bo’lganman. Turkmanistonda yangi hukumat bo’lishiga qaramay, o’shanda ham, hozir ham bu mamlakatga haligacha elchi tayinlamaganmiz. Putin esa aksincha juda faol bo’lgan."
Bjezinskiy nazarida ham Rossiyaning yonilg’i siyosatini cheklash uchun Qo’shma Shtatlar diplomatik harakatlarini faollashtirishi zarur, aks holda Yevropa Rossiya ta’siri ostiga tushib qoladi.
Bjezinskiyning aytishicha, G’arb va Qo’shma Shtatlar yonilg’i masalalari bo’yicha Markaziy Osiyo bilan bevosita muloqot qilishi kerak.
"Mintaqa rahbarlari G’arb bilan faol hamkorlik qilishni, jahon bozoriga chiqish imkoniyatiga ega bo’lishni istaydi, ammo ular Rossiya siquvi va bosimi ostida."
Bjezinskiy Rossiyaning G’arbga ta’sirini tushirish uchun yonilg’ini Yevropaga yetkazishning muqobil yo’llarini izlash va ishga solish kerak deydi. Xususan kelajakda gaz va neftni Markaziy Osiyodan Afg’oniston orqali Janubiy Osiyoga, undan esa Yevropaga uzatish g’oyasiga diqqat qaratish kerak. AQSh dushman deb bilgan Eron bilan ham kelajakda muloqotga tayyor turish kerak, deydi Zbignev Bjezinskiy.
"Mening nazarimda Erondagi bugungi siyosiy vaziyat vaqtinchadir. Eronlik yoshlarning katta qismi joriy tuzumning keskin diniy siyosatiga qo’shilmaydi. Eronga mintaqada barqarorlashtiruvchi kuch sifatida qarash kerak. Agar kelajakda aloqalarimiz yaxshilansa, Eronning yirik yonilg’i zaxiralari hisobiga G’arb o’zining ko’plab muammolarini hal qilib olishi mumkin," deydi siyosatshunos.
Tinglovda ishtirok etgan mutaxassislar Nabukko gaz loyihasini rivojlantirish muhimligiga urg’u bergan. Rossiya hududini chetlab o’tadigan ushbu quvur Markaziy Osiyo gazini Turkiyadan Bolgariya, Ruminiya va Vengriya orqali Avstriyaga yetkazib berishni ko’zlaydi. Ammo tahlilchilar nazarida Rossiya loyiha ishtirokchilariga o’z nazorati ostidagi muqobil quvurlarda ishtirok etishni taklif qilib, Nabukko loyihasini yo’qqa chiqarishga harakat qilyapti.