Breaking News

Jahon Banki O'zbekiston uchun 300 million dollar ajratmoqda


Jahon Bankining O'zbekiston bilan 3 yilga mo`ljallanagan strategiyasidan maqsad aholi turmush darajasini ko`tarish, buning uchun esa 300 million dollar ajratilishi kutilmoqda.

Jahon Banki ma`muriyatining takidlashicha, O`zbekiston hukumati bu strategiyani qo`llab-quvvatlamoqda.

Aholi uchun mo`ljallangan mablag` nimaga va qanday sarflanishi jamoatchilik bilan muhokama qilinishi kerak deydi ayrimlar.

Jahon Banki qabul qilgan yangi strategiya O`zbekiston hukumati va Jahon Banki o`rtasida deyarli to`xtagan aloqalarning yana izga tushayotganidan dalolat beradi.

Tahlilchilarning aytishicha, Jahon Bankining yangi strategiyasi avval qabul qilingan strategiyadan farqli o`laroq, islohotlar yuzasidan shartli tavsiyalar qo’ymaydi, ko`proq O`zbekiston hukumatiga ishongan holda ish yuritadi.

2011 yilgacha mo`ljallangan yangi reja bevosita aholining ijtimoiy ahvolini yaxshilashga qaratilgan yillik loyihalarga mablag` ajratadi. Biznes muhitini yaxshilash, ayniqsa, qishloq joylarida aholi daromadinini ko`tarish, qishloq xo’jaligi tizimida o`zgarishlar qilish, sog`liqni saqlash va atrof-muhitni asrash kabi sohalarda ish olib borilishi kerak.

Sharhlovchi Toshpo`lat Yo`ldoshev so’zlariga ko`ra, 300 million dollarlik yordam O`zbekiston hayotida sezilarli o’zgarish qilishi mumkin.

“Qishloq xo`jaligida ishlayotganlarga ma`muriy ta`sirni kamaytirish, korrupsiyani olib tashlash haqidagi tavsiylar albatta bo`ladi. 300 million O`zbekiston uchun katta mablag`. Bu faqat Jahon Banki emas, G`arb mamlakatlarining O`zbekiston bilan aloqani tiklashda qo’ygan birinchi qadami”, - deydi Yo`ldoshev.

Bank O’zbekiston bergan va`dalarga ishonib, birinchi bo’lib harakat qilishga kirishdi, investitsiya ajratdi deydi u.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov so`nggi paytda Garb va O`zbekiston aloqalaridagi iliqlashuv Bank siyosatiga ham tasir qilgan, avval qo’yilgan qat’iy talablar yumshatilgan deydi.

Farxod Tolipov hozirgi vaziyatda O`zbekiston uchun mazkur yordam o`ta muhim degan fikrda.

“300 million dollar ajratilgan ekan, bu pul qayerga ketayapti, nimaga sarflanayapti, natijasi qanday bo`layapti – buning hammasi ochiq ko’rsatilishi kerak. Jahon Banki mablag`ni aholining turmush darajasini ko`tarish uchun ajratmoqda, aniq bir inshoot qurish uchun emas. Xalq bu yordam qanday ishlatilayapti deb qiziqishga haqli”, - deydi Tolipov.

XS
SM
MD
LG