Breaking News

O'zbekiston matbuot cheklangan sanoqli davlatlardan biri


27 iyun O`zbekistonda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni nishonlandi. Kuzatuvchilar fikricha, O’zbekiston matbuot nazorat qilinuvchi sanoqli davlatlardan biri bo`lib qolmoqda. Mustaqil jurnalistlar doimiy ta`qib ostida, xorijiy muxbirlar soni cheklangan.

O`zbekistonda majburan ruhiy xastaliklar shifoxonasiga joylashtirilgan jurnalist Jamshid Karimovning taqdiri ikki yildirki hamon noaniq.

U Jizzax viloyatida faoliyat yurituvchi kam sonli mustaqil jurnalistlardan biri edi.

Taxminan 20 kun muqaddam Qoraqalpog`istonda jurnalist Solijon Abdurahmonov hibsga olindi. Giyohvand modda saqlashda ayblanib, qo’lga olingan jurnalist ustidan tergov ishi hamon boshlanmagan.

Solijon Abdurahmonov bilan yaqinda hibsxonada ushrashgan advokati va uning ukasi Bahrom Abdurahmonov so’zlariga ko`ra, maqsad jurnalist faoliyatini to`xtatish bo`lgan.

“Uning o`zi bilan yaqinda uchrashdim, ahvoli yaxshi, shikoyati yo`q. Uning fikricha ham bu narsa atayin qilingan. Kim tomonidan, qachon uyushtirilgan - buni tegrov jarayoni aniqlashi kerak”, - deydi Bahrom Abdurahmonov.

O`zbekiston ommaviy axborot vositalari xodimlari bayramini Jamshid Karimov shifoxonada, Solijon Abdurahmonov hibsxonada kutib oldi.

Mustaqil jurnalistlar fikriga ko`ra matbuot bayrami, asosan, hukumatga sodiq jurnalistlarni taqdirlash uchun tashkil etilgan, so`z erkinligini nishonlash uchun emas.

Bayramda an`anaviy tarzda hukumat sovg`alari tarqatilib, davlat rahbari tabrigi o`qib eshittirilgan.

Mustaqil jurnalist Dilmurod Sayidning aytishicha, bayram kuni tanqid aytish noqulay bo`lsa-da, o’zbek matbuoti haqida boshqa fikr bildirish qiyin.

“Matbuot tarixiga qaraydigan bo`lsak, faqat so`z erkinligi bo`lgan mamlakatdagina rivojlanish bo`lishi mumkin”, - deydi u.

Dilmurod Sayid O`zbekiston matbuotida taqiq qo`yilgan mualliflardan biri hisoblanadi. Bir necha yil avval bosilgan tanqidiy maqolasidan so`ng uning maqolalari matbuotda kamdan-kam chop etila boshlagan.

“Taqiqlanganlarning qanaqadir ro`yxati berilgan bo`lishi mumkin, lekin hozirgacha birorta muharrir menga shunday ro`yxat borligini ochiq aytmadi”, - deydi u.

Uning aytishicha, jurnalist Solijon Abdurahmonovning hibsga olinishi so`z erkinligi yo’qligini ko`rsatmoqda.

“Bu narsa to`g`ri gapni yozadigan har bir jurnalistning boshida bor. Buning ortida kimning manfaati borligini izohlash ortiqcha. Shundoq ham tushunarli, o`nlab misollar keltirish mumkin. Bu kabi holatlar keyin ham davom etishi ehtimoldan xoli emas”, - deydi mustaqil jurnalist.

“Bugungi kunda rejim uchun eng xavfli narsa erkin matbuot, mustaqil jurnalistika bo`lib qolmoqda. Hukumat o`zi istayotgan yopiq jamiyat qurish uchun ularning faoliyatini to`xtatishi kerak”, - deydi jurnalistlardan biri.

So`z erkinligini himoya qiluvchi xalqaro tashkilotlar hisobotiga ko`ra, O`zbekiston matbuot erkinligini bo`g`ayotgan sanoqli davlatlardan biri hisoblanadi.

XS
SM
MD
LG