Breaking News

Qozog'iston Yevropa talablarini qondirish harakatida


Qozog’iston poytaxti Ostonada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti Parlament Assambleyasining 17-yillik sessiyasi o’tmoqda. Markaziy Osiyoda ilk bor. Qozog’iston 2010 yilda tashkilotga raislik qilishga taraddud ko’rar ekan, majlisni ochgan prezident Nursulton Nazarboyev demokratik islohotlarni jadallashtirishga va’da bergan.

Qozog’istonda o’tgan yili saylangan parlament tarqatib yuborilib, yil oxirigacha yangi saylovlar o’tishi mumkin. Kuzatuvchilar fikricha, bu Nazarboyevning tanqidchilarga javobi bo’ladi.

O’tgan yilgi saylovlarda Nazarboyev rahbarligidagi Nur-Otan parlamentga kirish imkonini beruvchi yetti foizlik marradan o’tgan yagona partiya edi. Bir partiyalik parlament Yevropa tomonidan keskin tanqid ostiga olingan.

2010 yilgacha oz vaqt qolar ekan, Yevropa tashkiloti Qozog’istonni siyosiy islohotlarni jadallashtirishga chaqirmoqda.

Qozog’istonlik mustaqil jurnalist Farhod Sharipning aytishicha, mamlakat rahbariyati tashkilotning barcha talablarini bajarishga tayyormas.

"Hukumat Qozog’istonning milliy xususiyatlariga ishora qilib, ayrim talablarning unga to’g’ri kelmasligini ta’kidlamoqda," deydi u.

Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti saylov kampaniyasining chet elliklar va fuqaroliksiz shaxslar tomonidan moliyalanishiga hamda saylovlarga doir tashviqot materiallarining Qozog’iston tashqarisida chiqarilishiga qo’yilgan taqiqlarni bekor qilishni talab qilgan. Rasmiy Ostona bu kabi talablarni mamlakat ichki ishlariga aralashuv deb talqin qilmoqda.

Vashingtonda asoslangan Freedom House, ya’ni Ozodlik uyi tashkilotining Markaziy Osiyo bo’yicha mas’ul xodimi Jeff Goldstaynning aytishicha, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga hech bir mamlakat majburlab kiritilmagan.

"Mamlakatlar tashkilotga ixtiyoriy ravishda a’zo bo’ladi. Qozog’iston ham o’z xohishiga ko’ra a’zo bo’lgan. Demak, tashkilotning barcha qoidalari va hujjatlariga rioya qilishi kerak," deydi Goldstayn.

Qozog’istondan saylov tizimini isloh qilish ham talab qilinmoqda.

Qozog’istonlik jurnalist Farhod Sharipning aytishicha, ayni damda saylov to’g’risidagi yangi qonun ko’rib chiqilmoqda. Unga ko’ra, yetti foizlik marra saylovlarda ishtirok etadigan partiyalar uchun to’rt foizga tushirilishi mumkin.

Freedom House mutaxassisi Jeff Goldstayn Qozog’iston Yevropa tashkilotiga rais bo’lishga loyiq emas va hukumat 2010 yilgacha islohotlarni amalga oshira olmaydi, deydi.

"2008 yilning yarmi o’tibdiki, Qozog’iston bergan va’dalarning birontasi bajarilgani yo’q. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a’zo davlatlar Qozog’istonni islohotlar yo’liga doimiy ravishda yo’naltirib turishi kerak deb o’ylayman."

Farhod Sharip ta’biricha tashkilotga raislik qilish Qozog’istonning xalqaro sahnadagi sha’nini va shaxsan prezident Nazarboyevning obro’sini ko’taradi.

"Ammo shu bilan birga," deydi jurnalist, "Qozog’iston uchun buning amalda foydadan ko’ra zarari ko’proq bo’lishi mumkin. Chunki energetika siyosatida barcha davlatlar bilan birday aloqalarni olib borishga majbur Qozog’iston tashkilotga rais bo’lgach, ayrim a’zo davlatlarni va xususan Rossiyani tanqid qilib turishi kerak bo’ladi."

XS
SM
MD
LG