AQSh prezidenti Jorj Bush yozgi Olimpiya o’yinlarining ochilish marosimida ishtirok etishini bildirmoqda.
Uning aytishicha Xitoyda inson huquqlari ahvolini yaxshilash uchun ancha ishlar qilinishi kerak, biroq yozgi o’yinlar siyosatdan ayri masala.
Bush Katta Sakkizlik guruhiga a’zo mamlakatlar sammitida ishtirok etyapti. Guruhga AQSh, Yaponiya, Rossiya, Fransiya, Britaniya, Kanada, Italiya va Germaniya a’zo.
Jahonning eng taraqqiy etgan davlatlari sammitiga bu safar Yaponiya mezbonlik qilyapti. Narx-navoning o’sib borayotgani, iqlim o’zgarishi hamda Zimbabvedagi saylovlar – kun tartibiga qo’yilgan asosiy mavzular.
Prezident Bush yig’ilishni “Katta Sakkizlik doirasida qabul qilingan qarorlarni ijro etishdan boshlash kerak”, - deydi.
Ikki yil ilgari, Afrika mamlakatlariga 22 milliard dollar miqdorida yordam va’da qilingan edi. Insonparvarlik tashkilotlari hisobiga ko’ra, shuning 14 foizi yetkazilgan, qolgani qog’ozda qolib ketgan.
Bush, Yaponiya Bosh vaziri Yasuo Fukuda bilan alohida uchrashuvda Shimoliy Koreya atom dasturini muhokama qilgan.
“Shimoliy Koreya atom inshootlarini yopishga rozilik berib, so’ralgan hujjat va hisobotlarni taqdim etgani uchun terrorizmni quvvatlovchi davlatlar ro’yxatidan chiqarilgan. Biroq boshqa majburiyatlarini bajarishi shart. Aks holda iqtisodiy sanksiyalar joyida qoladi”, - deydi AQSh rahbari.
Global harorat ko’tarilishini to’xtatish bo’yicha chora-tadbirlar sammitdagi bosh mavzulardan.
AQSh prezidenti fikricha atmosferada zaharli gazlarni kamaytirishga qaratilgan global shartnomalar Hindiston va Xitoyni ham o’z ichiga olsagina samara berishi mumkin.
O’tgan yilgi sammitda zaharli gazlarni 2050 yilga borib 50 foizga kamaytirish tashabbusi olg’a surilgan, biroq AQSh taklifga qarshi chiqqan edi.
Katta Sakkizlik sammitida Zimbabveda o’tgan saylov jarayoni va oltinchi marotaba prezident etib saylangan Robert Mugabe keskin tanqid ostiga olinishi kutilmoqda. Muxolifat rahbari Morgan Tsvangiray va G’arb davlatlari saylovni adolatsiz deb baholagan.