Geroin
savdosidan har yili qora bozorda milliardlab dollar daromad olinadi.
Modda
millionlab insonlarning hayotiga zomin bo’ladi.
Qoradori iskanjasidan chiqish
qiyin ekan, unga mukkasidan ketgan odamlar azob-uqubatda hayot kechiradi.
AQShning Baltimor shahri – narkomanlar makoni. Oq o'lim
deya ataluvchi geroinga bu maskanda kamida oltmish ming kishi tobe.
34 yoshli
Sandra xaroba bir joyda yashaydi. Giyohvand bu ayolning hatto uyini
yig'ishtirishga ham holi yo'q.
Sandra bizga u va sheriklari qayerda kayf qilishini ko'rsatadi.
Geroinga berilganimga olti yil bo'ldi deydi u.
Sandra oldidagi xaltasini ham ko'z-ko'z qiladi.
Uning hayot mazmuni shu – geroin. Undangina lazzatlanadi.
"Manavi tabletkaning yarmini ertalab qabul qildim. Geroin degan narsa shu".
Jahonda geroin asosan Afg'oniston, Birma va Kolumbiyada ishlab chiqariladi. BMT
taxminicha dunyoda iste'molchilar soni sakkiz million.
Baltimor shahri oq toshli uylari bilan tanilgan. Port shahar sifatida boy
tarixi bor. Ishchilar shahri. Biroq uni Qo'shma Shtatlarning geroin poytaxti
desa ham bo'ladi. Hukumat hisobicha shahar aholisining har 10 dan biri
geroinsiz yashay olmaydi. Bugun Baltimorda 600 ming kishi istiqomat qiladi.
Ko'rsatkichlar odamni dahshatga soladi, deydi maxsus agent Karl Kotovskiy.
"Baltimorda geroin shu qadar arzonki, uni sotib olishga hammaning qurbi yetadi.
Narkomaniya cho'ntak yoki tabaqa tanlamaydi".
Baltimorga geroin Janubiy Amerika va Afg'onistondan, Markaziy Osiyo orqali, keladi.
Iste'molchilar uchun geroinning manbai qiziq emas. Sandra kabi narkomanlar kayf
uchun emas, usiz chiday olmasligi uchun ham qabul qiladi. Vujudim o'zidan
ketadi deydi u.
"Geroinsiz o'likman", - deydi u.
Sandra uch marotaba qamaldi. Olti oy panjara ortida o'tirgan. "Bu oddiy hol", -
deydi giyohvandlarga yordam ko'rsatuvchi markaz xodimi Syu Doyl. "Geroin
balosi".
"Qoradoriga berilgach, bu odamlar uning kayfi haqida o'ylamaydi. Geroin ularga
bosim o'tkaza boshlaydi. Ularning xayolida faqat geroin topish. Qayerdan va
nima qilib bo'lsa-da. Ular xayoliga kelmagan narsalarni qiladi buning uchun.
Otan-onasidan o'g'irlaydi. Qo'shnilarini o'maradi. Fohishalikka beriladi. Oq-u
qoraning farqiga bormay qoladi".
Sandra ham fohishalik qiladi.
"Yegulik va geroin sotib olish uchun kuniga uch
mijozga xizmat qilishim kerak", - deydi u.
Fohisha va narkoman ayolga zo'ravonlik
qiladiganlar ko'p.
"Bo'ynimga pichoq niqtab, bir necha bor pulimni olib ketishdi. Ko'p marta
do'pposlanganman. Fohishasan-ku baribir deb, jinsiy zo'ravonlik qilishadi.
Hayotim – zulmat".
Sandra ko'karib ketgan oyoqlarini ko'rsatadi. Geroin uni har tomonlama
yemirgan. Turli kasalliklarga chalingan.
Yuragi zaif. Har xil infeksiyalarni yuqtirgan. Gepatitning C turi jigarini
ishdan chiqarmoqda… Tishlari tushib ketayapti. Narkomanlar orasida keng
tarqalgan xastaliklar.
Sandra "qaniydi bu balodan qutula olsam",- deydi. Qutulmasa, o'lim
qutqaradi.
"Klinikaga yeta olmasam, demak go'rga yetaman. Bu achchiq haqiqat".
Giyohvandlar uchun to'rt yo'l bor: o'lim, qamoq, kasalxona yoki reabilitatsion
maskan. Eng qiyini normal hayotga qayta olish.
"Bemorlarning aksariyati tuzalishga qiynaladi. Bu surunkalik kasallik",- deya tushuntiradi Syu Doyl.
"Muolaja
bir necha bosqichdan iborat. Talablar kuchli. Ularga bardosh berish uchun bu
odamlarda iroda yetishmaydi".
Sandra yaqinda najot istab klinikaga bordi. "Hozircha yordam bera olmaymiz"
deyishdi. Navbatda turish kerak.
"O'zim orttirgan baloga qarshi bir o'zim kurasha olmayman",- deydi Sandra.
Ilojsizlik va umidsizlik bunday insonlar uchun yana geroin degani.