Breaking News

AQSh Eron yadro dasturi bo'yicha muzokarada qatnashadi


AQSh Davlat kotibi muovini Vilyam Berns joriy hafta oxirida Jenevaga safar qilib, Eron rasmiysi Said Jaliliy bilan muzokarada qatnashadi. G’arb davlatlari Erondan uranni boyitishni bas qilishni so’rab, evaziga imtiyoz taklif qilmoqda. Hal qiluvchi muloqot chog’ida Tehron o’z javobini aytadi.

Davlat departamenti matbuot kotibi Shon Makkormak so’zlariga ko’ra, AQSh diplomati Vilyam Berns Eron vakili Said Jaliliy bilan yuzma-yuz muloqot qilmaydi. Ammo Amerika diplomatining ishtiroki Vashingtonning xayrixohligidan dalolatdir.

Kelayotgan shanba Jenevada rejalangan muzokarada Yevropa Ittifoqining Tashqi siyosat bo’yicha vakili Xavyer Solana ham qatnashadi.

Bush ma’muriyati shu paytgacha Eron bilan bevosita muloqot qilishdan bosh tortib kelgan edi. Dastlab Tehron yadro dasturini tugatsin deya talab qo’yilgan. Rasmiy Vashington nazarida Eron yadro quroli ustida ishlamoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashining 5 doimiy a’zosi va Germaniya Eronni ko’ndirish uchun qator imtiyozlar va’da qilmoqda. Jenevadagi uchrashuvda Tehron ana shu taklifga javobini e’lon qiladi.

Imtiyoz deganda esa quyidagilar nazarda tutilmoqda: Eron tinch maqsadda yadro energiyasi ishlash chiqarishi va hatto G’arb bu sohada ko’mak berishi mumkin. Bundan tashqari Eron havo yo’llari va samolyotlarini yaxshilashda ko’mak taklif qilinmoqda. Uranni boyitishni bas qilsa, BMT Xavfsizlik Kengashining sanksiyalari ham bekor qilinadi.

AQSh Davlat Departamenti matbuot kotibi Shon Makkormak so’zlariga ko’ra, muzokarada Amerika diplomatining ishtiroki ramziy ma’no kasb etadi. Biroq Vashingtonning pozitsiyasi hamon o’sha-o’sha.

”AQSh masalaga yangicha yondashishga, diplomatik chora qo’llashga harakat qilmoqda”, - deydi Makkormak.

Yevropa Ittifoqi vakili Xavyer Solana Tehron bilan hozirdanoq muzokara boshlamoqchi. Buning uchun Eron Natanz zavodida sentrifugalar sonini ko’paytirmasligi zarur. BMT Xavfsizlik Kengashi esa bunga javoban qo’shimcha sanksiya qo’ymay turadi.

XS
SM
MD
LG