Breaking News

Amerika va Sharqni o'ylantirgan kinofilm


Amerika minglab arablarga vatan. Ular taqdiri haqida hikoya qiluvchi yangi film – “Amerika va Sharq” (AmericanEast) deya nomlanadi.

Unda 2001 yil 11 sentyabrdan so’nggi hayot, musulmon va arablarning AQSh xalqiga noma’lum hislatlari haqida hikoya qilinadi.

AQShda suratga olingan filmlarning ko’pida arablar va musulmonlar salbiy ruhda tasvirlab kelingan.

Biroq oxirgi paytlarda unday emas. “Amerika va Sharq” filmi – arab va amerikaliklar ijodi mahsuli.

Bosh qahramon – Mustafo Marzuk qiyofasida Los-Anjelesdagi arab muhojirlari gavdalanadi.

Marzuk Habibi nomli kafe sohibi. Yaqin Sharqlik muhojirlar bu yerda tez-tez to’planib turadi. U yahudiy oshnasi Sem bilan birga yirik restoran ochishni orzu qiladi. Biroq har ikkisining oilasi birga ish yuritishga qarshi.

Qarshilik va e’tirozlarga qaramay, Marzuk va Sem “Amerika va Sharq” nomli restoran ochadi. Sem rolini amerikalik aktyor Toni Shalub ijro etgan.

Film 11 sentyabr voqealaridan so’ng arablar va musulmonlarga bo’lgan salbiy munosabat aks ettirilgan deydi ssenariy muallifi Said Badriya.

”Bu yerda voyaga yetayotgan yosh avlod turli qiyinchiliklar bilan yuzlashmoqda. Matbuot va televideniye arablar haqida tinmay sayraydi. Jahon Savdo Markazini portlatgan odamning ismi Muhammad. Muhammad bo’lishga qo’rqadi odam. Film shu haqda.”

Hoshim Issaviy - film rejissyori. Filmda musulmon bo’lishning mazmun-mohiyatini, o’zga yurtga moslashish zarurati kabi mavzular ko’tarilgan deydi u.

Kinoasarda Mustafoning singlisi Salva boshqa din vakiliga ko’ngil qo’yadi.

”U Amerikada katta bo’lsa-da, an’anaviy musulmon jamiyati vakilasiday fikrlaydi. Musulmon qiz musulmon yigit bilan turmush qurishi kerak. Mana shu qarama-qarshilikni yengib o’tib, biror qaror qabul qilishi kerak.”

Matbuotda terrorizm va islom dunyosi bir-biridan ajratilmas ekan, AQShda musulmonlar hayoti ostin-ustun… Mustafoning o’g’li Muhammad otasini tinmay savolga tutadi. Biz kim deya.

”Amerika va Sharq” kartinasi Gollivuddagi arab va musulmon aktyorlar yuzlashayotgan muammolarni ham tilga oladi.

”Umar Gollivudda suratga tushadi. Tinimsiz terrorchi rolini ijro etishdan charchagan. U menejeridan yaxshiroq rol topishni so’raydi, ammo “hozircha bori shu” degan javob oladi.”

Filmda Falastin muammosi ham tilga olinadi. Ba’zida bu muhokamalar kinoya va kesatiq bilan yakunlanadi.

Filmdan sahna: ”Floridada yahudiylar to’liq yotibdi. Hammasini Isroilga haydash kerak. Falastinliklarni esa Floridaga ko’chirish kerak. Tamom.”

Bir film bilan Qo’shma Shtatlarda arablarga munosabat o’zgarib qolmaydi, ammo odamlarni o’ylantirishi aniq deydi kartina mualliflari. Kimgadir umid beradi.

”Film haqiqat sari bosilgan qadam deb hisoblayman. Arzimagan, jajji qadam bo’lsa ham harna. Amerikada film yaratib, bu yurtni arab muhojirlari nuqtai-nazaridan tasvirlash bizning vazifamiz.”

XS
SM
MD
LG