Breaking News

AQSh Kosovoga 400 million dollar yordam ajratmoqda


AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays so’zlariga ko’ra Kosovo sekin-asta xalqaro hamjamiyatning ajralmas qismiga aylanadi. O’lka mustaqilligini rad etgan davlatlar bu voqelikni tan olishga majbur, deydi u.

AQSh tashqi ishlar vazirasi Vashingtonda Kosovo prezidenti Fatmir Seydyu va Bosh vazir Hoshim Tachi bilan muloqot qilgan.

Kosovoning Serbiyadan ajralib chiqib, mustaqil bo’lishini 40 dan ortiq mamlakat, jumladan Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlarning uchdan-ikki qismi va BMT Xavfsizlik Kengashining aksariyat a’zolari tan olgan.

Xavfsizlik Kengashida uni yangi davlat sifatida rasman tan olish tashabbusiga esa Serbiyaning yaqin ittifoqchisi bo’lmish Rossiya “yo’q” deb ovoz bergan edi. Bu ikki davlat o’zgarishlardan keskin norozi.

Qo’shma Shtatlar esa yaqinda Kosovoga 400 million dollar yordam ajratishini ma’lum qildi.

“Kosovoda ozchilik serb aholisining huquqlarini va diniy erkinliklarni himoya qilish o’ta muhim va o’lka dunyoviy, demokratik yo’lni tanlab ish tutsa kelajagi porloq bo’ladi”, - deydi AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays.

Uning aytishicha Qo’shma Shtatlar Serbiya bilan ham do’stona aloqalarni saqlab qolmoqchi. Rays xonim, ham Kosovo, ham Serbiya kelajakda Yevropa Ittifoqiga qo’shilishiga ishonch bildirgan.

Kosovo Bosh vaziri Hoshim Tachi barcha qo’shnilar – Makedoniya, Albaniya, Montenegro va hatto Serbiya bilan munosabatlarni yaxshilashga umidvormiz deydi.

Kosovo rahbarlarining dushanba kuni prezident Bush bilan uchrashuvi oldidan, Human Rights Watch tashkiloti Kosovodagi inson huquqlari ahvolini tanqid qilgan.

Siyosiy va etnik jinoyatlar ortida turganlar ko’pincha jazosiz qolyapti, adliya tizimini tubdan o’zgartirish lozim, deydi huquq himoyachilari.

XS
SM
MD
LG