Qozog'iston 2010 yilda Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik qilish taraddudida ekan, Qo'shma Shtatlar respublikaning bunday obro'li vazifaga tayyorgarligini elakdan o'tkazmoqda. Seshanba kuni AQShning Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Komissiyasi, ya'ni Xelsinki Komissiyasida bu borada tinglov o'tkazildi.
O'tgan yil noyabr oyida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga a'zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari Madridda to'planib Qozog'iston 2010 yilda tashkilotga raislik qiladi deb qaror chiqargan edi. Anjumanda qatnashgan respublika Tashqi ishlar vaziri Marat Tajin 2008 yil oxirigacha qator islohotlarni amalga oshirishga va'da bergan. Xususan, saylov haqidagi qonunga o'zgartirishlar kiritishga va matbuot haqidagi qonunni Yevropa tamoyillariga moslashtirishga.
Xelsinki Komissiyasi tinglovida hisobot bergan Richard Baucherning aytishicha, Qozog'iston ko'p sohalarda o'zini ishonchli hamkor sifatida ko'rsatmoqda.
"Qozog'iston Iroqqa harbiylarini jo'natgan. Afg'onistondagi qayta qurish ishlari uchun 3 million dollar sarflashni ko'zlagan. Umid qilamizki, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti raisi sifatida Qozog'iston bundanda ko'p ishlarga bel bog'laydi."
Baucherning aytishicha, Qozog'istonni tashkilot raisligiga tasdiqlash qarori AQSh uchun oson kechmagan.
"Masalani Qozog'iston bilan ko'p muhokama qilganmiz. Demokratik islohotlarni amalga oshirishga yetarlicha taraddud ko'rishi uchun raislik muddatini bir yilga kechiktirdik. Qozog'istonning Madriddagi anjumanda bergan va'dalari qarorning qabul qilinishida muhim ahamiyat kasb etdi," deydi AQShning Markaziy Osiyodagi bosh diplomati.
Qozog'iston tanqidchilari nazarida Madriddagi anjumandan beri hali bironta ish qilinmagan. Mamlakat parlamentida atigi bir partiya a'zolari o'rin olgan. Parlamentga kirish uchun partiyalar 7 foizlik marradan o'tishi kerak. Matbuot hamon hukumat nazorati ostida. Siyosiy partiyalarning ro'yxatdan o'tishi murakkab jarayon.
Richard Baucherning aytishicha, Qozog'iston va'dani barcha Yevropa davlatlari va Qo'shma Shtatlar oldida bergan.
"Prezident Nursulton Nazarboyev yaqinda Ostonada buni yana bir bor ta'kidlagan. Orqaga qaytish yo'q," deydi AQSh diplomati.
Marta Bril Olkot nazarida Qozog'iston rahbariyati mamlakat sha'nini o'rtaga qo'ygan va shu sabab masalaga jiddiy yondashadi.
"Qozog'iston xalqaro sahnada obro' qozonishga harakat qilyapti. Nafaqat Yevropa va AQSh tomonidan, balki Rossiya va Xitoy kabi boshqa davlatlar tomonidan ham jiddiy qabul qilinishni istaydi. Shu sabab islohotlarni o'z kuchi bilan, tashqi aralashuvsiz amalga oshirgani ma'qul," deydi tahlilchi.
Olkot nazarida Qozog'iston 2010 yilgacha muddatidan erta parlament saylovlari o'tkazib, undagi yakkahokimlikka barham berishi mumkin. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga raislik respublikaga qator islohotlarni o'tkazishda jiddiy mas'uliyat yuklamoqda, ammo o'zgarishlar Yevropa istagan maromda bo'lmasligi mumkin, deydi u.