Eron yadro dasturi borasida Yevropa Ittifoqi va BMT
Xavfsizlik Kengashi qilgan taklifga rasmiy Tehron javobi kutilmoqda. Qo’shma
Shtatlar ta’biricha, vaqt oz qolyapti. Qo’shimcha sanksiyalarga uchramaslik
uchun Eron ikki hafta ichida javobini berishi kerak.
Eronga yangi takliflar iyunda taqdim
etilgan. 19 iyul kuni esa Jenevada Eron, Xavfsizlik Kengashining besh doimiy
a’zosi, Germaniya va Yevropa Ittifoqi rasmiylari ularni muhokama qilgan.
AQShning Atom energiyasi bo’yicha xalqaro agentlikdagi rasmiy vakili Greg
Shultning aytishicha, Jenevadagi uchrashuv muhokamadan Eron tarixi va
madaniyati haqidagi ma’ruzaga aylanib ketgan.
Biz u yerga saboq olish uchun borganimiz yo’q. Eron taklif bo’yicha jiddiy
muzokara qilarmikan deb borgan edik, deydi Shult.
Uning aytishicha, Yevropa Ittifoqi Eronga qiziqarli takliflar kiritgan.
Eron atom elektrstansiyalari uchun zamonaviy texnologiya va’da qilingan. Eron
xavfsizligi va narkotiklarga qarshi kurash borasida hamkorlik taklif etilgan,
deydi AQSh rasmiysi.
Eronga shuningdek uran boyitish dasturini to’xtatish evaziga AQSh va Yevropa
Ittifoqi tomonidan qo’yilgan barcha sanksiyalarni bekor qilish ham va’da
qilingan. Tomonlar bir-birining ishonchini qozonishi uchun olti haftalik sinov
davri ko’zda tutilgan, shundan so’ng kengroq muzokaralarga o’tiladi, deydi
elchi Greg Shult.
Eronga o’ylash uchun ikki hafta vaqt berildi. Javob bo’lmasa, sanksiyalar
kuchaytiriladi. Eron prezidenti Mahmud Ahmadinejod yadro dasturi
to’xtatilmaydi, ammo Eron muzokaralarga tayyor deb keladi.
Unga ko’ra uranni
boyitish uchun ayni damda mamlakatda olti mingga yaqin sentrifuga bor. Ayrimlar
nazarida rasmiy Tehron vaqtdan yutishga intilib, AQShda prezident o’zgargach
siyosat ham o’zgaradi deya umid qilmoqda.
Greg Shult nazarida Eron qancha ko’p kutsa, shuncha ko’p jazolanadi. Oq Uyga
kim kelishidan qat’iy nazar Xavfsizlik Kengashi rezolyutsiyalariga pisand
qilmagan davlatga munosabat yaxshi bo’lmaydi.