Breaking News

Markaziy Osiyo - ziddiyatlar maskani


O'zbekistonlik mustaqil kuzatuvchilar fikricha, Markaziy Osiyo davlatlari o`rtasida ikki tomonlama hamkorlik ijobiy darajada emas, ayniqsa chegaradagi ahvol og`irligicha qolmoqda. Sharhlovchilarga ko`ra mintaqa muammolarini hamkorlikda hal qiladigan umumiy bir tashkilot shakllanmas ekan, ziddiyatlar kuchayishi mumkin. Mintaqa davlatlarida avtoritar boshqaruv usulining mavjudligi ham muammolarga sabab sifatida ko'rilmoqda.

Sharhlovchilarga ko`ra chegara muammosi mintaqa aholisini qiynayotgan, turli darajadagi ziddiyatlarga asos bo`layotgan omillardan biri.

Chegara siyosatining shakllanishi ko`p jihatdan rasmiy Toshkentga bog`liq, O`zbekiston mintaqa markazida joylashgan, barcha davlatlar bilan umumiy chegaraga ega. Ayni paytda faqat Qozog`iston bilan chegara nisbatan ochiq holda saqlanmoqda, boshqa davlatlar bilan esa viza tartibi mavjud.

Qirg`izistonning AKI-press axborot agentligiga ko`ra, Namanganda ikki nafar fuqaro chegarani noqonuniy kesib o`tganlikda ayblanib 6 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilingan. Ulardan biri Qirg'iziston, ikkinchisi esa O`zbekiston fuqarolari bo'lgan er-xotin ekani ta'kidlanmoqda.

Shu paytgacha chegara mojarolarida yuzlab markaziy osiyoliklar qurbon bo'lgan. Ularning ko'plari chegara atrofiga qo'yilgan mina va chegarachilar o'qidan o'lgan.

Chegara mojarolari ayniqsa Toshkent va Dushanbe o`rtasida keskin. Tomonlarning xavfsizlik masalalari bo'yicha ham bir-biriga e'tirozi bor. Yaqinda Dushanbeda ro'y bergan portlashlarda O`zbekistonning qo`li borligi ta`kidlandi, rasmiy Toshkent bu iddaoni javobsiz qoldirgan.

"O`zbekiston va Tojikiston aloqalari o`ta taranglashgan va og'ir ahvolda. Tojikiston matbuotida "O`zbekistonning dushmanona harakatlari tufayli Tojikiston transport qamalida va og'ir iqtisodiy ahvolda qolgan" qabilidagi ma`lumotlar tez-tez chiqib turadi. Meningcha aloqalar yana ancha vaqtgacha shu zaylda davom etadi", - deydi sharhlovchi Kamron Aliyev.

Kuzatuvchilar ziddiyatlar qardosh xalqlar o`rtasida emas, rahbarlar o`rtasidagi munosabatlar tufayli chigallashganini ta`kidlashadi. Mintaqa davlatlarida avtoritar boshqaruvning hukmronligi qardosh xalqlar munosabatlarini ayrim shaxslar kayfiyatiga bog`lab qo`ymoqda.

Sharhlovchilarga ko`ra kuchli avtoritarligi bilan tanilgan marhum Saparmurod Niyozovning hokimiyatdan ketishi, sekinlik bilan bo`lsada, eng yopiq davlatlardan biri bo`lgan Turkmanistonni mintaqaviy jarayonlarga va dunyo siyosatiga ochib bormoqda.

Yangi prezident Qurbonguli Berdimuhammedov boshqaruvi ostida O`zbekiston bilan aloqalar tiklandi, Yevropa Ittifoqi va AQSh kabilar bilan hamkorlik rivojlanmoqda, Turkmaniston va Ozarbayjon munosabatlarini iliqlashtirish uchun muzokaralar yuritilmoqda.

Mustaqil jurnalist Abdurahmon Tashanovga ko`ra mintaqa davlatlari o`rtasida doimiy ziddiyatli munosabatlar saqlanayotgani nafaqat rahbarlar shaxsiga, balki tashqi siyosiy muhutga ham bog`liq.

"Agar ular haqiqatda Rossiyadan mustaqil bo`lib, dunyoning boshqa davlatlari bilan alohida integratsiyaga kirishsagina, bir-biriga yaqinlashadi, mustaqil bo`ladi. Mustaqil bo`lmagan odamning esa ixtiyori o`zida bo`lmaydi. Sovet davrida ham qo`shnilar munosabati yaxshi bo`lmagan. Bu borada SSSRning zimdan yuritadigan siyosati bor edi, o'sha siyosatni Rossiya davom ettiryapti", - deydi Tashanov.

Kanadaning "National Post" gazetasida yaqinda bosilgan maqolaga ko`ra, Markaziy Osiyoni avtoritar rahbarlarida Rossiyadagi "suveren demokratiya" usuliga taqlid kuchaymoqda va bu Rossiya tomonidan rag`batlantirilmoqda.

Muxolifatdagi "Ozod dehqonlar" partiyasi yetakchisi Nigora Hidoyatovaga ko`ra, mintaqadagi kelishmovchiliklarni hal qilish uchun mavjud tuzumlar demokratik boshqaruvga o`tishi, mintaqa yagona bir iqtisodiy tashkilotga birlashishi kerak.

"Bu yolg'iz Qirg`iziston yoki Qozog`istonning demokratik tuzumga o`tishiga emas, balki butun mintaqada demokratik tamoyillarning qaror topishiga bog`liq. Markaziy Osiyo sobiq Ittifoq davrida umumiy bozor atrofida birlashgan. Birlashish hozirgi sun`iy to`siqlarga qaramasdan amalga oshadigan jarayon, biz shunga kelamiz. Hozir muammolar yanada keskinlashmoqda, masalan mintaqada kuzatilayotgan qirg`oqchilik", - deydi Hidoyatova.

Markaziy Osiyoda hamkorlik asosan ikki tomonlama aloqalarga ko`ra yuritiladi, biroq mintaqa iqtisodiyotini rivojlantirishga qaratilgan muzokaralar natijasiz tugamoqda.

XS
SM
MD
LG