Breaking News

AQSh matbuoti: Medvedev G'arb umidini oqlamayapti


Rossiyaning NATO kengayishiga qarshiligi va bu tashkilotga intilayotgan davlatlarga nisbatan agressiv siyosati AQSh matbuoti diqqatini tortayotgan mavzulardan. Prezident Dmitriy Medvedevning ushbu masalalar bo'yicha siyosati o'zidan oldingi rahbarnikidan kam farq qiladi, deb xulosa qiladi Amerika gazetalari.

"Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, Rossiya Yevropa xavfsizligini ta'minlash bobida NATO va qator boshqa tuzilmalar o'rniga yangi guruh tashkil etish taklifini o'rtaga tashlagan. Gazeta ta'biricha, Kremlning taklifi na Qo'shma Shtatlar va na Yevropa Ittifoqi tomonidan qabul qilinadi.

"Rossiya Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti va NATOni zaiflashtirmoqchi. Taklif qilinayotgan yangi xavfsizlik bloki kengroq bo'lib, Xitoy va Hindiston kabi mamlakatlarni o'z ichiga olishni ko'zda tutadi" deb yozadi Nyu-York Tayms.

Rossiyaning NATOdagi vakili Dmitriy Rogozin alyans Rossiya taklifini darrov qabul qilmasligi mumkin, ammo muloqotni boshlash kerak deydi.

NATO taklifga javob bergani yo'q hali. Gazeta ta'biricha, Rossiya Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotidan ham norozi, chunki Rossiyadagi so'nggi bir necha saylov tashkilot tomonidan erkin emas deb baholangan, kuzatuvchilar yuborilmagan.

Rossiya bo'yicha mutaxassis Endryu Monaganning "Nyu-York Tayms"ga aytishicha, Rossiya Yevropadagi xavfsizlik tizimini Sovuq urushi davridagi mafkuraga o'xshatadi.

Rogozinga ko'ra, Rossiya NATO, Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti hamda o'z ichiga Markaziy Osiyo davlatlarini olgan Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligi va Kollektiv xavfsizlik bitimi tashkiloti ishtirokida xalqaro anjuman o'tkazishni rejalamoqda.

Kreml nazarida NATO noqonuniy immigratsiya, narkotiklar savdosi, uyushgan jinoyatchilik va terrorizm kabi tahdidlarga javob berishga qodir emas va shu sabab uning o'rnini yangi tuzilma egallashi kerak.

"Vashington Post" gazetasidagi maqolalardan biri ham Rossiya haqida. Unga ko'ra, Dmitriy Medvedev Vladimir Putin vorisi deb ko'rilgan bo'lsada, uning prezident etib saylanishi G'arbga umid bag'ishlagan edi. Uning o'tmishi Putinnikidan farqli o'laroq KGB bilan bog'liq emas. Prezidentlikka saylangach, Rossiya taraqqiyotiga g'ov bo'luvchi qator ichki illatlarni tanqid ostiga olgan.

Ammo, deb yozadi gazeta, uch oylik prezidentlikdan so'ng Medvedevning Putindan farq qilmasligi ayon bo'ldi. Medvedev ham, Putin kabi, Rossiyada neft bilan shug'ullanuvchi xorijiy kompaniyalar mulkiga ko'z olaytirib, turli huquqiy va siyosiy yo'llar bilan ularni qo'lga kiritmoqchi.

Tashqi siyosatda ham Medvedev unga umid qilgan G'arb tahlilchilari ishonchini oqlay olmadi. Rossiyaning shu oy e'lon qilingan tashqi siyosat doktrinasida qonun ustuvorligi xalqaro aloqalardagi uch asosiy yo'nalishlardan biri deb belgilangan.

Ammo, deb yozadi "Vashington Post", buning ma'nosi shuki, Rossiya xalqaro huquq va normalar yordamida AQSh tashqi siyosatini cheklab nazorat qilib turishi kerak.Biroq Yevropadagi xaridorlarga neft va gaz ta'minotini siyosiy sabablarga ko'ra uzib qo'yib qonunni buzishi Rossiyaning o'zini tashvishga solmaydigan ko'rinadi, deyiladi maqolada.

Masalan, Yevropada raketa hujumiga qarshi mudofaa tizimi uchun AQSh bilan radar o'rnatish haqida shartnoma tuzgan Chexiyaga bir kundan so'ng Rossiyadan neft eksporti 40 foizga kamaygan. Yoki NATO a'zoligiga intilayotgan Gruziya havo chegarasi bir necha bor Rossiya harbiy samolyotlari tomonidan buzilgan.

XS
SM
MD
LG