Breaking News

AQSh qora tanli prezidentga tayyormi?


AQShda prezidentlik poygasi, nomzodlarning har bir aytgan so’zi-yu hatti-harakati televideniye va matbuot sahifalaridan tushmay kelmoqda.

Bu safargi saylov avvalgilaridan keskin farq qiladi. Irq, jins, din kabi omillar va hatto nomzodlarning yoshi natijaga ta’sir qilishi aniq.

Demokratik Partiya s’yezdida senator Barak Obama rasmiy ravishda nomzodi etib ko’rsatilishi kutilmoqda. “AQSh qora tanli prezidentga tayyormi” degan savol ko’pchilikni qiziqtirmoqda.

Ikki yirik partiya ko’rsatgan nomzoddan biri – Barak Obama qora tanli yosh siyosatchi. Amerika prezidentiga ovoz berish bilan birga, saylovchilar bu safar “irq siyosatda qanchalik muhim” degan savolga javob izlamoqda.

Tahlilchi Larri Sabatoning aytishicha, Obamaning qora tanli ekani saylovda muhim faktor.

“Irqchilik janubiy va chegara shtatlarda hamon ko’zga tashlanadi. Bu Obama uchun muayyan muammolar tug’dirishi aniq. Chunki irq nozik masala. Qancha ko’p gapirsang, mavzuga shuncha ko’p e’tibor qaratasan. Gapirmasang, muammo qolib ketaveradi”, - deydi Sabato.

Obamaning rasman nomzod bo’lishi bilan to’siqdan oshib o’tiladi. Biroq u Oq uyga intilgan birinchi afro-amerikalik emas.

1972 yilda Nyu-York shtatidan Kongress a’zosi, demokrat Shirli Chisholm bu yo’lni bosib o’tib, nomzodlikni qo’lga kirita olmagan. 1968 yilda, Qo’shma Shtatlar fuqaro huquqlari va irqiy tengsizlikka qarshi namoyishlardan o’zini tiklab olayotgan bir paytda, Chisholm xonim Vakillar Palatasiga saylangan ilk qora tanli ayol edi.

Ammo namoyishlar qonsiz kechmadi. O’sha yili aprelda tenglik kurashchisi doktor Martin Lyuter King otib o’ldirildi. Mamlakat bo’ylab tartibsizliklar avjiga chiqdi.

Oradan 16 yil o’tib, demokrat Jessi Jekson prezidentlik uchun poygaga kirishdi. Kampaniya davomida 3.5 million ovoz to’plashga muvaffaq bo’ldi. Mag’lub bo’lgach, 1988 yilda yana bir bor urinib, deyarli 7 million ovoz to’plagan.

Barak Obama o’zini avvalgilardan farqli nomzod deb tanishtirmoqda, deydi Tomas Mann, Vashingtondagi Brukings tadqiqot markazi xodimi.

“Barak Obama fuqaro huquqlari harakatidan keyingi, yangi avlod vakili. Hamma bilan til topisha oladi. U prezidentlik uchun kurashayotgan afro-amerikalik emas, balki Barak Obama bo’lib sahnaga chiqqan”, - deydi Tomas Mann.

Barak Obamaga afro-amerikaliklar qatorida oq tanlilar, lotin-amerikaliklar, asosan yoshlar ergashmoqda. 1972 yilda saylash huquqi 18 yoshga tushirilganidan beri yoshlar orasida bu qadar faollik kuzatilmagan. Shunday ekan, ularning ovozi saylov kuni Obamaga g’alaba keltiradi deb taxmin qilish mumkin.

“Xulosa qilishga shoshmang”, - deydi tadqiqotchi Veshla Viver. “Avvalgi saylovlarda afro-amerikalik nomzodlarning omadi chopmagan. Saylov butkasiga kirib ovoz berib chiqqan kishi, kimga ovoz berdingiz deb so’ralganda, har doim ham haqiqatni aytmavermaydi. Boshqa irq vakillariga nisbatan kayfiyatini yashiradi kishi, ba’zida”.

1982 yilda demokrat Tom Bredli Kaliforniya gubernatori saylovida g’alaba qilishi kutilgan edi. Biroq ovozlar sanalganda, umidlar puchga chiqdi.

1989 yilda Virjiniyada ham o’xshash hol kuzatildi. Saylov-oldi so’rovlarga ko’ra 10 foiz ovoz bilan oldinda ketayotgan qora tanli nomzod Duglas Vaylder deyarli mag’lub bo’lgan.

Amerika Ovozi yosh-u keksadan va daromadi har xil oilalardan “qora tanli prezidentga ovoz berasizmi?” deb murojaat qildi. Ko’pchilik tayyor, ba’zilar bir qarorga kelganicha yo’q.

XS
SM
MD
LG