Breaking News

Medvedev: Gruziya qilmishlari uchun jazolandi


Rossiya hukumati Gruziyadagi qo'shinlariga janglarni to'xtatishni buyurgan.

Biroq Gruziya prezidenti Mixail Saakashvili mamlakati hamon o'q ostida ekanini aytmoqda.

"Rossiya bosqinchilik harakatini davom ettirmoqda. Biz hamon nishondamiz",- dedi Saakashvili Tbilisida namoyishga chiqqan omma oldida so'zlar ekan.

Rossiya rahbari Dmitriy Medvedev Kremlda Fransiya prezidenti Nikolya Sarkozi bilan uchrashuvi ketidan, "Gruziya shartlarga ko'nsa, sulhga tayyormiz",- dedi.

Ayni damda Yevropa Ittifoqini boshqarayotgan Fransiya Rossiyani Gruziyada urushni bas qilib, mojaroga yechimni diplomatiya vositasida izlashga undagan.

Medvedev deydiki, urushga Gruziya rahbarining xato siyosati aybdor. Rossiya Saakashvilini Janubiy Osetiya xalqini qirishga uringanlikda va uning tinchlikparvar kuchlariga qarshi qurolli hujumlar boshlaganlikda ayblab, mintaqada qo'shinlar soni shu sabab ham oshirilganini qayd etadi.

6 avgustda boshlangan urush ikki mingdan ziyod insonning hayotiga zomin bo'lgan.

"Gruziya qilmishlari uchun yetarlicha jazolandi. Biz tartib o'rnatdik. Gruziya jiddiy talofat ko'rdi",- deya ta'kidlaydi Medvedev. "Gruziya mintaqa xalqini ezar ekan, biz chora ko'rishga majbur bo'ldik, aks holda yanada ko'proq odam halok bo'lgan bo'lardi",- deydi Rossiya rahbari.

Saakashvili esa mamlakat o’z demokratik tuzumini saqlab qolish uchun har narsaga tayyor deydi. Gruziya prezidenti fikricha Rossiya uni hokimiyatdan ag’darishga ahd qilgan. Kreml bunday maqsadda emasligini bayon etmoqda.

"Gruziya Mustaqil Davlatlar Hamdo'stligidan chiqadi va bu tashkilotga hech qachon qaytmaydi. Chunki bu sobiq ittifoqni qayta tiklashga urinayotgan Rossiya iznidagi tizim",- deydi Saakashvili.

Rasmiy Tbilisi urushda 150 zobitidan ayrilganini qayd etsa, Rossiya tomon o'lganlar soni bir-yarim mingdan oshadi deya ma'lum qilgan.

Fransiya Tashqi ishlar vaziri Bernar Kushner, AQShning Kavkaz masalalari bo’yicha bosh diplomati Metyu Brayza va Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotiga yetakchilik qilayotgan Finlyandiya Tashqi ishlar vaziri Aleksandr Stubb tomonlar orasida vositachilik qilmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashida Gruziya-Rossiya urushi yuzasidan rezolyutsiya loyihasi muhokamada. Fransiya olg'a surayotgan taklif AQSh tomonidan keng quvvatlanmoqda.

AQSh prezidenti Jorj Bush nazarida Rossiya Gruziyaning demokratik hukumatiga tahdid o'tkazib, uni to'ntarishga urinmasligi kerak. Uning fikricha bu XXI asrga xos bo'lmagan harakat va Mixail Saakashvili xalq saylagan rahbar. Yevropa Ittifoqi va NATO ham shunday bayonotlar bilan chiqqan. Gruziya NATOga qo'shilishni istaydi. Rossiya esa bu harbiy ittifoqning u tomon kengayishini xohlamaydi.

XS
SM
MD
LG