Rossiya prezidenti Dmitriy Medvedev Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini tan olishga qaror qilar ekan, AQSh Davlat kotibasi Kondoliza Rays bu o’ta katta xato deya afsus bildirmoqda.
AQSh, deydi Rays, BMT Xavfsizlik Kengashida bu boradagi har qanday hujjatni veto qilishga tayyor va Rossiya harakatlarini to’xtatish uchun barcha diplomatik choralarni ishga soladi. Prezident Jorj Bush Medvedevga qo’ng’iroq qilib, uni Kavkazdagi mojarolar yechimi yo’lida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikka chorlagan. Gruziyaning hududiy yaxlitligini hurmat qilishga chaqirgan.
Gruziya va Rossiya o’rtasidagi urushni to’xtatish uchun vositachilik qilgan Fransiya ham Kreml qarorini qoralamoqda. Britaniya va Germaniya hukumatlari ham shu mazmunda bayonotlar bergan. Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti nazarida Rossiya bu separatist mintaqalarni tan olib, Yevropa xavfsizligi bilan bog’liq qonunlarni buzmoqda.
Abxaziya va Janubiy Osetiyada mustaqillik tantanasi avjida. Osmonga o’qlar otilgan, Suxumi va Sxinvalida odamlar raqsga tushgan.
Vashington Tbilisini quvvatlashda davom etarkan, vitse-prezident Dik Cheyni bu mamlakatga safar qilish arafasida. Cheyni Gruziyadan tashqari Ukraina va Ozarbayjonda ham bo’ladi. So’ng Italiyaga, xavfsizlik forumiga yo’l oladi. AQSh rasmiylari nazarida Rossiya hamon sulh shartlariga amal qilmayapti. Kreml bosimga javoban NATO bilan barcha aloqani uzishga tayyor.
Sulh shartlaridan biri shuki, Gruziya va Rossiya qo’shini urushdan oldingi pozitsiyalariga qaytishi shart. AQSh Davlat departamenti rasmiysi Robert Vud “Rossiya rahbari bergan va’daga qaramasdan, uning askarlari mojaro zonasidan tashqaridagi hududlarda joylashib olgan”, - deydi. Xususan Poti bandargohi ular nazorati ostida va Gruziyaga kirib kelayotgan yuklarni tekshirishga kirishgan.
AQSh diplomatiga ko’ra Rossiya barpo etayotgan harbiy punktlarga hojat yo’q. Mintaqada Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik tashkilotining kuzatuvchilari ish boshlamoqda.
Sal avval, Rossiya qonunchilari Abxaziya va Janubiy Osetiya mustaqilligini yoqlab, rezolyutsiya qabul qilib, uni prezident Medvedevga taqdim etgan edi. Duma va Federatsiya Kengashida so’zga chiqqan qonunchilar Gruziyani agressiyada, Osetiya aholisiga nisbatan genotsidda, AQSh va G’arb dunyosini esa Kavkazda ayyor va hiylakor siyosat yuritayotganlikda ayblagan.
Duma raisi Boris Gryzlov so’zlariga ko’ra “Kavkaz doimo Rossiyaning strategik manfaatlari doirasiga kirgan va Rossiya bu manfaatlarni jon-jahdi bilan himoya qiladi”.
Rossiya parlamentida Janubiy Osetiya va Abxaziya prezidentlari Eduard Kokoyty va Sergey Bagapsh ham so’zga chiqqan. Abxaziya rahbarining ta’kilashicha bu mintaqalar endi hech qachon Gruziyaga qaytmaydi.
Rossiya qarorini AQSh, Yevropa Ittifoqi va Gruziya rahbariyati keskin tanqid qilmoqda. Prezident Mixail Saakashvili fikricha hujjat Sovet Ittifoqini tiklash uchun qo’yilgan yana bir agressiv qadam.
Rossiyalik huquq himoyachisi Lyudmila Alekseyeva “Amerika Ovozi” bilan suhbatda “Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqil deb tan olinishi Xelsinki Shartnomasiga zid”, - deydi. 1975 yilda imzolangan hujjatda xalqaro chegaralarning daxlsizligi belgilangan, deya eslatadi.
“Rossiya Federatsiya Kengashi o’zini o’zi mustaqil deb e’lon qilgan, ammo hech kim tan olmagan hudud yetakchisining taklifi bilan ish tutmoqda, buni qanday tushunish mumkin”, - deya ajablanadi huquq faoli.
Kreml ta’biricha esa Kosovoning tan olingani Xelsinki shartnomasi allaqachon buzilganiga yaqqol misol. AQSh rasmiylariga ko’ra Kosovo taqdirini xalqaro hamjamiyat birgalikda maslahatlashib hal qilgan.
Kavkazdagi voqealar boshqa joylarda ham etnik, hududiy mojarolarga turtki berishi mumkin. Masalan, neftga boy Tataristonning Ittifoq partiyasi Rossiyadan mustaqil bo’lish taklifini olg’a surmoqda. Respublika aholisining 53 foizi tatar, 40 foizi ruslardan iborat.
Ittifoq partiyasiga ko’ra, 1992 yilda bu avtonomiyada ko’pchilik mustaqillik uchun ovoz bergan, lekin Kreml bosimi ostida bu mustaqillikni hech kim tan olmagan. Abxaziya va Janubiy Osetiya ham o’sha yillarda o’zini Gruziyadan mustaqil deb e’lon qilgan.