Breaking News

Mustaqillik bayramida Vladimir Putin O'zbekistonga tashrif buyuradi


Rossiya Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligini tan olar ekan, Mustaqil Davlatlar Hamdo’stligi (MDH) tarixida yangi bir burilish yasaldi.

Bu siyosiy o’zgarish hozircha rasmiy darajada sukut bilan qarshilanayotgani, deydi sharhlovchilar, rahbarlar tashvishga tushib qolganidan dalolat.

Rossiya Bosh vaziri Vladimir Putin 1 sentabr kuni Toshkentga tashrif buyurishni rejalagan.

MDH doirasida Kreml harbiy va iqtisodiy jihatdan eng katta ta'sir kuchiga ega. Kavkazdagi so'nggi harakatlari bilan, deydi tahlilchilar, Rossiya atrofdagi mamlakatlarga nazorat uning qo'lida ekanini yana bir bor eslatib qo'ydi.

Siyosiy sharhlovchi Farxod Tolipov nazarida Rossiya ayirmachilik harakatini quvvatlab yangi bir davrga asos soldi.

"Mubolag'asiz ta'kidlash mumkinki, yangi bir tarixiy bosqich boshlanayapti. Rossiyadan rostdan ham qandaydir bir yangi siyosat kutishgan edi, lekin bu siyosat o`zi qanday, demokratik ochiq, boshqalarni mustaqilligini hurmat qiladiganmi yoki Rossiyada neoimperalistik kuchlar yana tiklanadimi? Rossiya eski Rossiyaga xos harakat boshladi, yangi Rossiyaga xos emas. Janubiy Osetiya va Abxaziya mustaqilligining tan olinishi juda qaltis harakat", - deydi Tolipov.

Shanxay Hamkorlik Tashkilotining Tojikistonda boshlanayotgan navbatdagi sammitida a'zo davlatlar Rossiyaning Gruziyaga nisbatan siyosatiga nisbatan munosabatini oshkora bildirishi mumkin.

Farxod Tolipov fikricha mintaqa davlatlari mustaqillik huquqlari kafolatlanishini so'rashi lozim. Markaziy Osiyo Rossiya hukumati tomonidan siyosiy jihatdan tarqoq mintaqa deb e'tirof etiladi.

"Bu vaziyatda mustaqillikni qanday himoyalash mumkinligi haqida gapirsak, takrorlayman, mintaqa davlatlari o'z birligini namoyish qilishi kerak. Ikki yil avval tarqatib yuborilgan Markaziy Osiyo tashkilotini tiklash va shu orqali o'zini ushlab turishi kerak. O`zbekiston bunga jiddiy yondashishi kerak. Shu paytgacha tashi siyosatda biror doktrina ishlab chiqilmagan. O'z yo'nalishi va pozitsiyasi haqida jiddiy o'ylash kerak", - deydi Tolipov.

G'arb Rossiyani Abxaziya va Janubiy Osetiyani tan olib, xalqaro qonunlarni buzganlikda ayblamoqda. Rossiya NATO bilan hamkorlikka chek qo'ymoqchi.

Rossiya, deydi ba'zi kuzatuvchilar, shunday talab bilan bevosita yoki bilvosita mintaqa davlatlariga ham bosim ko'rsatishi mumkin.

Sharhlovchi Iskandar Xudoyberganov ta'biricha vaziyat "sovuq urush" tomon bormoqda.

"Hozir Ukraina ham chegaralarini mustahkamlashga o'tadi. Rossiya Gruziyada o'ziga ma'qul rahbar qo'yish uchun ancha harakat qildi. Ichki vaziyatni og'irlashtirdi. Bu narsa Ukrainaga ham ko'chishi mumkin. Dunyo tinchligi xavf ostida. Shuning orasida O'zbekiston o'z yo'lini tutishi, bu muammolarni takrorlamaslik uchun demokratik tizimga o'tishi lozim. Lekin hukumat hozir bunga tayyor emas ", - deydi Xudoyberganov.

Tahlilchilar taxminicha Rossiyaning so'nggi harakatlari sabab MDH mutlaq tarqalib ketishi mumkin.

XS
SM
MD
LG