Breaking News

Barak Obama Jon Makkeyn bilan bellashishga tayyor


Senator Barak Obama AQSh Demokratik partiyasidan prezidentlikka nomzodlikni qabul qildi.

Partiyaning Kolorado shtatida dabdaba bilan o'tgan qurultoyida Obama siyosatni boshdan oyoq yangilashga so'z berdi. 47 yoshli siyosatchi Amerikaning ilk qora tanli prezidenti bo'lishi mumkin.

Demokratik partiyadan nomzodlikni qabul qilish marosimida Barak Obama Denver stadionida yig'ilgan 85 ming kishi oldida nutq so'zladi. AQSh tarixida ilk bor yirik siyosiy partiya afro-amerikalik arbobni davlat rahbarligiga ko'rsatmoqda.

"Saylov urush va iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirayotgan AQShni oyoqqa turg'izish uchun imkoniyatdir", - deydi Obama.

"Mamlakat yuzlashayotgan qiyinchiliklarning barchasida hukumatni ayblab bo'lmaydi. Biroq prezident Jorj Bush boshchiligidagi Respublikachilar partiyasi, amaldagi hukumat noshud ekani ayon".

Respublikachilar nomzodi Jon Makkeyn prezident etib saylansa Bush siyosatini davom ettiradi, deydi Obama. "Respublikachilar so'nggi sakkiz yil mobaynida nimaga qodir ekanini ko'rsatib bo'ldi, Oq uyga demokratni saylash lozim", - deydi u.

Obama Amerikaning o'rtahol oilalari uchun soliqlarni kamaytirishga va kelasi 10 yil ichida xorij neftiga tobelikdan qutulishga va'da bermoqda.

"Tashqi siyosatga kelganda, Iroqdagi urushni tezroq yakunlash, Afg'onistonda esa Al-Qoida va Tolibonga qarshi kurashni kuchaytirish lozim. Oliy qo'mondon sifatida AQSh xavfsizligini ta'minlash asosiy maqsad bo'ladi", - deydi Obama.

Demokratlar nomzodi, shuningdek, AQShning dunyodagi obro'sini ko'tarishga, dushmanlar bilan yuzma-yuz gaplashishga, xalqaro sahnada ittifoqchilar bilan doimo maslahatlashib ish tutishga so'z bermoqda.

O'z qurultoyiga tayyorgarlik ko'rayotgan respublikachilar "Obama nutqida katta va'dalar berib xalqni adashtirmoqda" deydi.
XS
SM
MD
LG