Qo’shma Shtatlar Belarus bilan aloqalarni yaxshilashga tayyor, ammo bu mamlakatda kelasi oyga belgilangan saylovlar erkin va adolatli o’tishi kerak.
AQSh Davlat departamentiga ko’ra, Belarusga qo’yilgan sanksiyalar ham olib tashlanishi mumkin.
1994 yilda prezident etib saylangan Aleksandr Lukashenko qattiqqo’l rahbar sifatida tanilgan. AQSh va Yevropa Ittifoqi hatto uni “Yevropaning so’nggi diktatori” deb ataydi.
Biroq yaqinda siyosiy faollar, jumladan muxolifat rahbari Aleksandr Kozulin ozod etilgandan so’ng munosabatlarda biroz iliqlik kuzatilmoqda. AQSh Davlat kotibi muovini Deyvid Merkel Minskda bo’lib, Belarus rasmiylari va Kozulin bilan muloqot qilgan.
"Belarusda 28 sentyabrga belgilangan parlament saylovlarini yaqindan kuzatamiz. Natijaga qarab diplomatik aloqalarni tiklashga tayyormiz", - deydi AQSh Davlat departamenti rasmiysi Robert Vud.
Yil boshida Belarus hukumati AQShning Minskdagi elchixonasi xodimlarini josuslikda ayblab, 10 diplomatni mamlakatdan chiqarib yuborgan edi. Rasmiy Minsk G’arb davlatlarini uning ichki ishlariga burun suqayotganlikda ayblaydi.
Belarus yaqin ittifoqchisi Rossiya ketidan Abxaziya va Janubiy Osetiyani mustaqil deb tan olishi mumkin. “Bunday qadamni ijobiy qabul qila olmaymiz”, - deydi AQSh diplomati Robert Vud.