Breaking News

Gruziya va Rossiya kassetali bombalar ishlatgan


Inson huquqlari bo'yicha Human Rights Watch tashkilotiga ko'ra, Rossiya va Gruziya o'rtasidagi urushda har ikki tomon kassetali bombalardan foydalangan.

Yuzdan ortiq mamlakat tomonidan man etilgan bunday bombalar parchalanuvchi aslahalar toifasiga kiradi. Kassetalarda 96 dan 640 tagacha kichik bombalar bo'ladi. Portlaganda parchalanib bir paytning o'zida turli tomonni nishonga oladi. Gruziya Janubiy Osetiyada bu qurolni ishlatganini tan olgan.

Human Rights Watch tashkilot xodimi Boni Dokertining aytishicha, Rossiya ham Gruziyada kassetali bombalardan foydalangan. Bu borada rad qilib bo'lmas dalillar bor.

"Kassetali aslahalar parchalanish xususiyati hisobiga asosan odamlarga talofat yetkazadi", - deydi inson huquqlari tashkiloti vakili. "Shuningdek, portlamay qolgan bo'laklar minaga aylanadi. Tashkilot o'z tekshiruvida Gruziyaning to'rt qishlo'gida kassetali bombadan 14 kishi halok bo'lganini aniqlagan. Ularning ataylab ishlatilgani ayon".

Rasmiy Tbilisi bu quroldan Janubiy Osetiyani shimol bilan bog'lovchi hududda, ya'ni Rokki tunneli atrofida qo'llanganini tan olgan. Tadqiqotchi Dokerti so'zlariga ko'ra, portlovchi moslamalar mojaro yakun topgach ham oddiy aholini o'ldirishda va jarohatlashda davom etadi.

"Mahalliy aholi minalarga to'la dalalarga qadam qo'yib hayotini xavf ostiga qo'yishi yoki ocharchilik bilan yuzlashishga majbur".

Huquq faollari nazarida Gruziya va Rossiya birgalikda mojaro zonasini minalardan tozalashi zarur.

Tbilisi, Gruziyaning boshqa hududlari, qolaversa o'zini mustaqil deb biluvchi Abxaziya va Janubiy Osetiga safar qilgan muxbirlarimiz odamlar orasida vatanparvarlik va bir paytning o'zida millatchilik hissi oshgani haqida xabar bermoqda.

Gruzinlar Rossiyani qoralasa, osetin va abxazlar G'arbga lanat aytmoqda. Xalq bunday kayfiyatda ekan, hukumatlararo kelishmovchiliklar avjga chiqar ekan, vaziyat notinch bo'lib qolaveradiā€¦

Rasmiylar ham, oddiy odamlar ham, hatto matbuot va axborot vositalari ham haqiqatni bilish bugun qanchalik qiyin ekanini tan olmoqda. Urushda qancha odam o'lgani, kimni qaysi davlat qurol-aslaha bilan ta'minlagan, jinoyatchilar kim - bularga javobni faqat mustaqil tergov yo'li bilan javob topish mumkin.

"Amerika Ovozi" bilan Tbilisidan turib suhbatlashgan jurnalist Giya Abashidzening hikoya qilishicha, kecha mamlakat shahar va qishloqlarida "Birdamlik" shiori ostida tinch namoyishlar o'tgan.

Abashidzening aytishicha, Gruziya va Yevropa Ittifoqi bayroqlarini ko'tarib olgan minglab gruzinlar ko'chalarga chiqib, "Gruziyani Rossiyaga bermaymiz", "Gruziya mustaqil, demokratik va bo'linmas davlat" deya hayqirgan. Namoyishchilar Gruziyaning ayrim muhim nuqtalarni hamon nazorat qilayotgan Rossiya harbiylari mamlakatni tark etsin deya talab qo'ygan.

"Gruzinlar Yevropa Ittifoqining qarorini tushunadi, ya'ni ittifoq Rossiya bilan aloqalarni shartta uzishga va yangi Sovuq urushni boshlashga tayyor emas", - deydi jurnalist.

"Urush mintaqa hayotini izdan chiqargan, iqtisod va infratuzilmaga katta zarar yetgan. Xalq xorij yordamiga muhtoj deydi", - deydi Giya Abashidze.

Yevropa Ittifoqi tez orada Gruziyaga maxsus delegatsiya jo'natadi. Rossiya esa Abxaziya va Janubiy Osetiyaga xalqaro politsiyachilarni safarbar etishni so'ramoqda.
XS
SM
MD
LG