Breaking News

BMT Qochqinlar agentligi Goridagi vaziyatdan xavotirda


Birlashgan Millatlar Tashkiloti qochqinlar bo’yicha agentligi Rossiya - Gruziya urushida aziyat chekkan Gori shahri aholisi hayotidan tashvishda.

Janubiy Osetiya chegarasidan janubda joylashgan bu shahar deydi tashkilot vakillari yarim vayrona holatida. Odamlar uyidan ayrilgan, bezorilik va tartibsizlik hukmron.

BMT mutaxassislarining aytishicha Gorida vaziyat tahlikali. Qochqinlar uchun yaratilgan boshpanalar to’lib ketgan.

Qo’shimcha jabrdiydalarni olishga imkon yo’q. Hozirga kelib 4200 ga yaqin gorilik uy-joysiz. Qolganlar esa Janubiy Osetiya bilan chegaradosh aholi punktlaridan kelgan.

BMTning qochqinlar bo’yicha agentligi vakili Ron Redmond minglab qochqinlar palatkalarda, yana bir necha mingi mahalliy oilalar bilan yashamoqda, deydi.

“So’nggi bir necha kun ichida chekka qishloqlardan 450 ka yaqin odam kedi. Barchasi Rossiya va Gruziya qo’shinlari orasida qolib ketgan, begunoh insonlar. Qayerga borishini bilmaydi, o’rtada halak”, - deydi rasmiy.

Redmond nazarida urush zonasidan uzoqdagi hududlarda ham zo’rovonlik alomatlarini ko’rish mumkin. Aholi kaltaklanmoqda yoki zo’rlanmoqda. Shunday arosat zonalarda yashovchi aholi Goriga 2 hafta piyoda yurib yetib kelgan, deydi BMT vakili.

“Beloti qishlog’ida qolgan aholining aksariyati qariyalar va yurishga qurbi bo’lmaganlar”,- deydi Ron Redmond.

Bugungacha Rossiya-Gruziya orasidagi qonli mojaro tufayli 160 mingga yaqin odam boshpanasiz qolgan. Ularning 30 ming nafari, asosan osetinlar, Rossiyaga qochqin bo’lib o’tgan va ko’pi hozirda uylariga qaytmoqda. Gruzinlar ham, osetinlar ham harbiylarni zo’ravonlikda, ularga nisbatan noinsoniy munosabatda ayblaydi.

Gruziya hukumati Rossiya kuchlarini aholiga zulm o’tkazayotganlikda ayblasa, Rossiya Gruziyani turli jinoyatlarda, jumladan etnik qatliomlarda gunohkor deb biladi. Urushda qancha odam o’lgani haqida ham aniq ma’lumotlar yetishmas ekan, AQSh mustaqil tergov boshlash kerak degan talabni qo’ygan.

Yevropa Ittifoqi ham shu fikrda. Inson huquqlari bo’yicha Human Rights Watch tashkiloti tahlilicha urushda Rossiya ham, Gruziya ham qabih ishlarni amalga oshirgan.

XS
SM
MD
LG