Janubiy Osetiyada Rossiya va Gruziya o’rtasidagi qurolli to’qnashuv xalqaro hamjamiyat sa’y-harakati bilan to’xtatilganiga atigi bir necha hafta bo’ldi.
Gruziya tilka-pora bo’lgan armiyasini tiklab, oyoqqa turg’izish rejasini tuza boshlagan.
AQSh va Yevropa Ittifoqi yordamida, deydi mamlakat rasmiylari, armiyani zamonaviy qurollar, jumladan havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi bilan ta’minlash ko’zda tutilmoqda. Ammo G’arb davlatlarining bu borada tashlagan har bir qadami Rossiyani g’azabga keltirishi muqarrar.
Boshqa tomondan, deydi tahlilchilar, AQShning qo’l qovushtirib o’tirishi Gruziyani Rossiya ixtiyoriga tashlab qo’yish bilan barobar. Shunday ekan, oshkora muhokama etilmayotgan bo’lsa-da, AQSh Mudofaa vazirligi, Davlat departamenti hamda Oq uyda Gruziya harbiylariga qay tarzda yordam berish xususida bahslar boshlangan.
Kreml Gruziya rahbariyatiga bo’lgan nafratini yashirmaydi. Prezident Dmitriy Medvedev yaqinda bergan intevyusida Mixail Saakashvilini “siyosiy murda” deb atagan.
Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov nazarida esa “AQSh va uning ittifoqchilari Saakashvili rejimini qo’llab-quvvatlab, katta xatoga yo’l qo’ymoqda”.
Siyosatdonlar fikricha G’arb Gruziyada Saakashvili o’rniga bosiqroq va asosiysi – maslahatga quloq iladigan rahbar kelishiga qarshi emas. Ammo bu Kreml farmoyishi bilan emas, gruzin xalqining irodasi bilan amalga oshishini istaydi.
Gruziyaning 29 yoshli mudofaa vaziri Davit Kezerashviliga ko’ra hozirgi maqsad mamlakatni Rossiya aggressiyasidan himoya qilish. Abxaziya va Janubiy Osetiyaning mustaqil deb tan olingani hech narsani o’zgartirmaydi, deydi u.
O’tgan hafta AQSh admirali Maykl Mullen “Gruziyadek muhim ittifoqchini tashlab qo’ymaymiz, harbiy sohada hamkorlik davom etadi” deya qisqa bayonot bergan edi. Rossiya buni “AQSh Gruziyani qayta qurollantiradi” deya talqin qilmoqda.
Rossiyaning NATOdagi vakili Dmitriy Rogozin taxminicha AQSh Gruziyada harbiy baza ochishgacha borishi mumkin. Biroq bunday qarorlar AQShning shu yil noyabrda saylanadigan prezidentiga bog’liq.
Juda bo’lmaganda, deydi gruzin rasmiylari, mamlakatning havo hujumiga qarshi himoya tizimini yangilash, zirhli harbiy vositalarni teshib o’tuvchi raketalarni qo’lga kiritish hamda besh kunlik urush mobaynida Rossiya kuchlari ishdan chiqargan kommunikatsion vositalarni tuzatish va yangilarini xarid qilish nazarda tutilmoqda. Mudofaa vaziri Kezerashviliga ko’ra modernizatsiya 8-9 milliard dollar mablag’ talab qiladi.
Britaniyalik tahlilchi Jonatan Eyal nazarida “Gruziya mojarosi Rossiya uchun xalqaro nufuz va ta’sir doirasini kengaytirish yo’lidagi ilk qadam”. Rossiya iqtisodiyoti yiliga 8-9 foizga o’sayapti. Rossiya mudofaa xarajatlari 2000 yildan beri muntazam ravishda oshib bormoqda. Bu yil 41 milliard dollarni tashkil etgan bo’lsa, kelasi yil 51 milliard dollarga yaqinlashishi kutilmoqda.
Rossiya Mudofaa vazirligi berayotgan ma’lumotga ko’ra, ayni paytda harbiy xizmatchilar soni 1 milliondan oshiq. Ular son jihatdan ustun va 3 kun ichida Gruziyaning uchdan-bir qismini bosib olishga muvaffaq bo’lgan.
Biroq Rossiya armiyasi eskirib borayotgan harbiy texnikasi, jumladan 1960-yillardan qolgan tanklar bilan jangga kirgani ham sir emas. Hisoblarga ko’ra besh kunlik urushda Gruziya 215, Rossiya 64 askaridan ayrilgan.
Mulohazalarga ko’ra Rossiya Gruziyaga qo’qqisdan hujum qilib, G’arb dunyosini g’aflatda qoldirdi, biroq endi oqibatlari bilan yuzlashishga majbur: Rossiyaning o’zida urush talvasasi, xorijda esa begonalashgan ittifoqchilar.