O’zbekistonda 1993 yilda kirill alifbosidan lotin yozuviga o’tishga qaror qilingan edi. Jamoatchilik orasida bu katta bahsu-munozaraga sabab bo’lsa-da, shu kungacha masala oshkora muhokama qilinmaydi.
Tilshunoslar nazarida alifbo o’zgarishi va bu boradagi noaniq siyosat jamiyatda intellektual tanazzulga olib bormoqda.
Lotin alifbosiga o'tish siyosati respublikada savodxonlikdan tortib, akademik jabhalargacha kuchli salbiy ta'sir ko'rsatgan.
Gap bu yerda imlo o'zgarganida emas, deydi olimlar. Muammo islohotning puxta ishlab chiqilmaganida va qarorlarning ko'r-ko'rona qabul qilinishida.
1990-yillar boshida qator turkiyzabon xalqlar lotin alifbosiga o’tishga qaror qilgan edi.
O’zbekiston va Turkmaniston tez orada, Ozarbayjon esa 2001 yilda lotin imlosiga o’tdi. Slavyan aholisi zichroq bo’lgan Qozog’iston va Qirg’izistonda jarayon kechiktirilgan.
O’zbekistonda bu tashabbus qanchalik zarur va o’rinli bo’lgani borasida turlicha qarashlar mavjud.
“Albatta, lotin harflariga o’tish qarorida O’zbekistonning umumiy siyosiy sistemasi aks ettirilgan”,- deydi amerikalik olim Vilyam Fierman.
Fierman Markaziy Osiyo tillari va elatlarini 1970-yillardan buyon o’rganib keladi.
Lotin harfiga o’tilganida, deydi olim, “O’zbekiston bilan Rossiya orasida aloqalar uncha yaxshi bo’lmagan. Siyosiy sabablar birinchi o’rinda bo’lgan. O’zbekistonda bunga o’xshash qarorlar tepada hal qilinadi.”
Tilshunos olim Baxtiyor Isabek fikricha esa lotinga o’tish qarori o’zbek xalqi o’z-ozini anglashi, mustaqillik tuyg’usini mustamkamlashi maqsadida qo’yilgan qadam edi.
"Yaxshigina qonun edi. Lekin uni amalga oshirish jarayonida boshqa qonunlar qay holatda bo’lsa, xuddi shu holat kuzatildi. Buning qonunligini va bunga kimdir amal qilishi kerakligini anglash qiyin”,- deydi Isabek.
Yagona imlo turkiy davlatlar birlashuvi yo’lidagi muhim omil deb ko’riladi. Lekin hozirda O’zbekiston, Turkmaniston va Ozarbayjonda qabul qilingan alifbolar bir-biridan farq qiladi. Yagona tizim yaratilmagan.
Baxtiyor Isabekning aytishicha O’zbekistonda qo’llanilayotgan lotin yozuvi mukammal ishlab chiqilmagan.
“Rus tilining qonun-qoidalari, Yevropa tillarining qonun-qoidalari kirilldan ko’r-ko’rona lotin yozuviga o’tkazib qo’ya qolingan. Shuning uchun u sifat jihatdan o’zbek tilining talablariga javob bermaydi.”
Lotin imlosiga o’tish haqidagi qaror ijrosi hozirgacha bir necha bor uzaytirilgan. 15 yildan ortiq vaqt o’tganiga qaramay, amalda to’liq joriy etilgani yo’q.
Lotin yozuviga o’tayotganda, deydi ba’zilar, uzoq yillar davomida xalq mehnati bilan to’plangan intellektual boylik - lug’at, kitob va adabiyotlar kirillda ekani hisobga olinmagan. Maktablarda lotin alifbosida bosilgan darsliklar yetishmaydi.
Markaziy osiyoshunos olim Viliam Fierman ta’biricha:
“Rus tilining mavqei hali ham yuqori. Menimcha, hozir Rossiya-O’zbekiston munosabatlari yaxshilangani sababli rus tilining mavqei yana ko’tarila boshlagan.”
Qozog’iston ham yaqin orada lotin alifbosiga o’tishi mumkin. Ta’lim va Ilm-fan vazirligiga ko’ra, jarayon 15 yilgacha vaqt talab qiladi va taxminan 300 million dollarga tushadi.
Den Deyvidson, sobiq Sovet davlatlarida ta’lim islohoti bo’yicha izlangan yana bir olimning aytishicha, mintaqa davlatlarining tili va imlosidagi o’zgarishlar rus tilida so’zlashuvchi aholining kamayishiga olib kelgan. Xususan Qozog’istonni, ba’zi hisoblarda ko’ra, ikki million kishi tark etgan.
Biroq ikki yoki uch tildan baravar foydalanish oddiy holga
aylanmoqda. Rus tilini bilish, ko’pchilik nazarida, raqobatbardoshlik va
serdaromad imkoniyatlar garovidir.