Breaking News

AQSh Iroqdan sakkiz ming askarini chiqaradi


AQSh prezidenti Jorj Bush Iroqdan sakkiz ming askarni chiqarib Afg'onistonga qo'shimcha harbiy yuborishga qaror qilgan. Mutaxassislar fikricha, Bush qarori noyabrda bo'ladigan prezident saylovlariga bevosita bog'liq.

Sakkiz ming askar Iroqdan fevral oyigacha chiqariladi.

"Iroqda dushman chekinmoqda, mahalliy armiya kuchga to'lgan, bu esa amerikalik askarlar sonini kamaytirishga imkon bermoqda," deydi Bush.

Unga ko'ra, o'tgan yili Iroqda qo'shinlar sonini oshirish haqidagi qaror natija bergan. O'shanda respublikachilardan prezidentlikka nomzod senator Jon Makkeyn qarorni olqishlagan, uning raqibi demokrat senator Barak Obama esa qarshi chiqqan edi.

Obama aksincha Iroqdan barcha qo'shinlarni chiqarib Afg'onistonga madad yuborish kerak degan fikrda. Iroqdan qo'shinlarni chiqara boshlasak, Iroq rahbarlari o'z xavfsizligi haqida ko'proq qayg'ura boshlaydi deydi u.

"Iroq rahbarlarini oradagi kelishmovchiliklariga barham berishga undash kerak. Bush so'nggi besh yil ichidagi xatolarini davom ettirmoqda," deydi Obama.

Makkeyn Obamaning Iroqdan qo'shinlarni chiqarish fikrini mas'uliyatsiz deb ataydi.

Iroqda askarlar kamayishi kutilar ekan, Afg'onistonda aksincha ular ko'paytiriladi.

Bushning aytishicha, Iroqdagi tajriba shuni ko'rsatadiki, Afg'onistonda xavfsizlikni tiklash uchun askarlar sonini oshirish kerak.

Obama Afg'onistondagi kuchlarga madad yuborish fikrini qo'llab-quvvatlasada, u yerga safarbar etilayotgan qo'shinlar soni kam deydi.

XS
SM
MD
LG