Breaking News

AQSh Afg'onistonda yangi strategiyani ishga soladi


AQShning birinchi raqamli harbiysi admiral Mayk Myullenning aytishicha, Afg'onistondagi urush bo'yicha yangi keng qamrovli strategiya ishlab chiqilmoqda. Prezident Bushning seshanba kuni ma'lum qilishicha, fevral oyigacha Iroqdan 8 ming askar chiqarilib, ularning bir qismi Afg'onistonga yuboriladi.

AQSh harbiy shtablar qo'mitasi raisi admiral Mayk Myullenga ko'ra, Iroqda zo'ravonlik susaygani va Iroq xavfsizlik kuchlarining tayyorgarligi oshgani sabab u yerdan ma'lum sonli qo'shinlarni chiqarishga imkoniyat tug'ildi.

Ammo, deydi admiral, Afg'onistonda buning aksi kuzatilmoqda va shu sabab yangi strategiyaga ehtiyoj bor.

"Ushbu strategiyada Pokistonga ham o'rin ajratiladi, chunki jangarilar ikki davlat chegara hududida faol. Afg'onistonda g'alaba qozonish uchun harbiy choraning o'zigina kifoya emas. Xalqaro hamjamiyat mintaqada davlat boshqaruvi va iqtisodiy taraqqiyotga e'tibor qaratishi kerak," deydi Myullen.

Uning nazarida Afg'onistonga Bush va'da qilganidan ham ko'proq qo'shin safarbar qilish zarur. Jangovar operatsiyalardan tashqari ular mahalliy kuchlarning harbiy tayyorgarligi bilan shug'ullanadi.

Prezident Bush fevralgacha Afg'onistonga 4,5 ming askar yuboriladi degan, ammo u yerda xizmati tugayotgan harbiylarning vatanga qaytishi hisobga olinsa, Afg'onistonda qo'shinlar atigi bir yarim mingga ko'payadi xolos. Mamlakatdagi AQSh va NATO qo'mondonlari esa qo'shimcha 10 ming askar so'ragan.

XS
SM
MD
LG