Pokiston poytaxti Islomobodning qoq markazida bomba joylashtirilgan yuk mashinasi portlab, 53 kishi halok bo’lgan, 250 nafari jarohat olgan.
O’lganlar orasida Chexiya Respublikasining Pokistondagi elchisi Ivo Zdarek hamda AQSh va Vyetnam fuqarolari bor.
Guvohlarning so’zlariga qaraganda, mashina Marriott mehmonxonasi darvozasiga kelib urilib, yong’in chiqqan. So’ng kuchli portlash yangrab, atrofga katta talofat yetkazgan.
Politsiya idoralari 600 kilogramga yaqin portlovchi modda ishga solinganini aytmoqda. Portlash 15 metr uzunlikda chuqur iz qoldirgan.
Islomobod markazida joylashgan Marriott mehmonxonasi mijozlari asosan xorij fuqarolari va mansabdor shaxslardir. O’tgan bir necha yil ichida ikki marotaba nishonga olingani bois, bu yerda xavfsizlik kuchaytirilgan edi.
Bomba joylashtirilgan yuk mashinasi mehmonxona hududiga kiritilmagan bo’lsa-da, portlash kuchi binoni deyarli butunlay vayron qilgan. Hozircha hech bir guruh javobgarlikni bo’yniga olgani yo’q.
Pokiston Bosh vaziri Yusuf Rizo G’iloniy xalqqa murojaat qilib, vahshiylikni amalga oshirganlarni topishda yordam so’ramoqda. Foydali ma’lumot uchun 130 ming dollar mukofot puli belgilangan.
Endigina lavozimiga kirishgan Pokiston prezidenti Osif Ali Zardariy terrorizm balosini yengish uchun barcha demokratik kuchlarni birlashishga chaqirmoqda.
Sal avval parlamentga ilk murojaatida Zardariy terrorga qarshi kurash strategiyasini e’lon qilgan edi.
Unga ko’ra, hukumat qabilaviy mintaqalardagi ayrim guruhlar bilan tinchlik bitimlari imzolaydi va iqtisodiy ko’mak ajratadi. “Kerak bo’lsa harbiy kuch ham ishlatamiz”, - deydi Zardariy.
Pokiston Ishchi ishlar vazirligi rasmiysi Rahmon Malikning aytishicha, Islomoboddagi hujum ortida kim turgani hozircha noma’lum. “Jinoyatchilarni qabilalar yashovchi Vaziristondan qidirish kerak”, - deydi u.