Breaking News

Debat: Obama va Makkeyn iqtisodiyot, tashqi siyosatda so'z talashdi


Mississippi shtatida kechgan saylovoldi debatida prezidentlikka nomzodlar Jon Makkeyn va Barak Obama tashqi siyosat va moliyaviy inqiroz masalalarida tortishdi.

Reytinglarda deyarli teng ketayotgan ikki senator soliqlarni kamaytirish, Eron yadro dasturi hamda Iroq va Afg’oniston kabi mavzularda qarama-qashi fikrlar bildirdi.

Asosan tashqi siyosatga bag’ishlangan bu debatda iqtisodiyot mavzusiga ham vaqt ajratildi. Sal avval, respublikachilar nomzodi Jon Makkeyn mamlakat o’gir kunlarni boshdan kechirayotgan bir paytda debatni keyinga qoldirish taklifi bilan chiqqan edi. Biroq demokrat nomzod Barak Obama bunga ko’nmagan.

Nomzodlar inqirozdan o’tib olish uchun hukumat xususiy sektorga yordam bermasa bo’lmaydi deydi, biroq umumiy iqtisodiy ahvolni qanday yaxshilash borasida turlicha fikrda.

“Prezident etib saylansam, moliyaviy javobgarlik va nazorat tizimini yo’lga qo’yaman, xarajatlarni kamaytiraman, keraksiz dasturlarni bekor qilaman”, - deydi Jon Makkeyn.

Barak Obama esa, deydi u, askincha bunday dasturlarni ko’paytirishni rejalab, sarf-xarajatni kamaytirish haqida o’ylamayapti.

Obama, bunga javoban, Makkeyn a’zo respublikachilar partiyasini boylar uchun soliqlarni kamaytirayotganlikda, oddiy amerikaliklarni o’z holiga tashlab qo’yganlikda aybladi.

“Respublikachilar boshqaruvi ostida badavlat amerikaliklar 300 millard dollar kamroq soliq to’layapti, bu pulni Amerikada sog’liqni saqlash tizimini mustahkamlash uchun sarflash mumkin”, - deydi Obama.

Debatda tashqi siyosat haqida gap ketganda, Jon Makkeyn “Obama xalqaro maydondagi muhim mavzularni tushunmaydi” dedi. Senator Obamaga ko’ra esa Makkeyn Iroqda hech qanday sababsiz urush boshlagan Bush ma’muriyatning bir qismi.

“Makkeynni Bush siyosatining davomchisi deb ko’rish kerak”, deydi Obama.

Respublikachilar nomzodi Obamaning AQSh dushman deb biluvchi davlat rahbarlari bilan yuzma-yuz gaplashish taklifini tanqid qildi.

“Deylik, Isroilni yo’q qilishga bel bog’lagan Eron prezidenti bilan nimani muhokama qilish mumkin”, - deb so’raydi Jon Makkeyn. Barak Obama esa “bunday muloqot tayyorgarliksiz va muayyan shartlarsiz kechmaydi, albatta”, - demoqda.

Saylovoldi debatlarida prezidentlikka nomzodlar saylovchilarga o’z bilimi va siyosiy-iqtisodiy saviyasini ko’rsatadi, saylovchilar muhim deb bilgan masalalarda tortishadi.

Navbatdagi debat 2 oktyabr kuni vitse-prezidentlikka nomzodlar Sara Peylin va Jo Bayden o’rtasida bo’lib o’tadi.

XS
SM
MD
LG