Breaking News

Afg'onistonga qo'shimcha 10 ming amerikalik askar so'ralmoqda


Afg'onistonda Tolibon faolligi oshib, zo'ravonliklar kuchaymoqda. Toliblar AQShdan mamlakatni tark etishni, aks holda ularga qarshi kurash davom etishini aytyapti. Qo'shma Shtatlar Afg'onistondagi strategiyasini qayta ko'rib chiqmoqda.

Afg'onistonda Tolibon kuchayib, vaziyat tobora yomonlasha borar ekan, AQSh qo'mondonlari askarlar sonini oshirishni so'ramoqda. Afg'oniston prezidenti Hamid Karzay Saudiya Arabistoniga Tolibon bilan tinchlik muzokaralarini o'tkazib berishni so'rab bir necha bor murojaat qilgan. Ammo haligacha javob olmagan.

Tolibon yetakchisi Mulla Umar afg'onlarni AQSh va G'arb harbiylariga qarshi muqaddas urushni davom ettirishga chaqirib, AQSh Afg'onistonni 10 yil istilo qilgan Sovet Ittifoqi kabi qulaydi, deb aytgan.

"Nyu-York Tayms" gazetasiga ko'ra, Karzay BMT Bosh Assambleyasi sessiyasida ishtirok etish uchun Nyu-Yorkka borganida musulmon davlatlar rahbarlari bilan uchrashgan va ular Karzayga Tolibon bilan muzokara qilishni tavsiya qilgan.

Ammo, deydi gazetaga AQSh Davlat departamenti so'zlovchisi Robert Vud, Karzay hukumati muzokara boshlashdan oldin Tolibonga qator shartlar qo'ygan. Xususan, zo'ravonlikdan voz kechish, Afg'oniston konstitutsiyasiga amal qilish, al-Qoidadan uzoqlashish. Shartlarning barchasi Tolibon rahbariyati tomonidan rad etilgan.

NATO kuchlarining Afg'onistondagi qo'mondoni amerikalik general Deyvid Makkirnanning aytishicha, jangarilarga qarshi g'alaba qilish uchun qo'shimcha harbiylar va iqtisodiy yordam kerak.

"Xorijiy jangarilar soni ko'paygan. Zo'ravonliklar kuchaygan. Odamlar xavotirda. Ko'chada bemalol yurib bo'lmayapti. Qo'shimcha askarlar iloji boricha tezroq yetib kelishi kerak."

Kamida 10 ming qo'shin kerak, deydi Makkirnan.

"Bundan tashqari hokimiyat boshqaruvini kuchaytirish kerak. Mamlakat iqtisodiyotiga yordam kerak. Siyosiy yordam zarur," deydi NATO qo'mondoni.

Makkirnanning "Vashington Post" gazetasiga aytishicha, Afg'oniston hukumati qabilaviy yetakchilarni o'z tarafiga og'dirishi lozim. Bu ishni zinhor AQSh harbiylari qilmasligi kerak, deydi u. Chunki Afg'onistonda bir-biriga raqib 400 dan ziyod qabila va etnik guruhlar bor va ularning nozik tomonlarini afg'onlarning o'zi tushunadi xolos.

Hibsga olingan xorijiy jangarilardan to'plangan ma'lumotga ko'ra Tolibon safida o'zbeklar, arablar, chechenlar va boshqa millat vakillari jang qiladi.

"Nyu-York Tayms"ga ko'ra AQSh harbiylari oldidagi yana bir vazifa - qoradori bilan shug'ullanayotgan shaxs va guruhlarga bosimni kuchaytirish. Chunki afyun savdosidan kelayotgan pulning katta qismi jangarilar hamyoniga tushmoqda.

XS
SM
MD
LG