Breaking News

Qo'shma Shtatlar xalqqa o'rnak bo'la oladigan rahbarga tashna


Iqtisodiyot, sog’liqni saqlash, ta’lim kabi masalalar - AQSh prezidenti saylovlarida bosh mavzu.

“Qo’shma Shtatlar ichki tashvishlardan ortmay qolgan, tashqi siyosat bilan ishi yo’q”, - deydiganlar bor. “Jahon Amerika haqida nima deb o’ylaydi?

Olamda nima gap? AQShning yangi prezidenti buni hisobga olishi, xalqqa o’rnak bo’lib, dunyoni tanishi kerak,” - deydi ular.

Omma orasida o’tkazilgan so’rov natijalariga ko’ra, amerikaliklar jahon ahli AQSh haqida nima deb o’ylashiga nisbatan befarq emas.

“So’ralganlarning 83 foizi xalqaro sahnada Amerika obro’sini ko’tarish kerak degan fikrda”, - deydi tahlilchi Enn Shodi, Fuqaro Diplomatiyasi nomli markaz direktori.

Amerikaliklar juda faol xalq deydi u. Birovdan marhamat kutmay, o’zi harakat qiladi, diplomatiya ahamiyatini yaxshi tushunadi. Xorijdan kelgan mehmonni quchoq ochib kutib oladi,

Tinchlik Korpusi (Peace Corps) kabi xalqaro tashkilotlarda xizmat qiladi, og’ir, ko’ngilli mehnatdan qochmaydi. Dunyoning 72 mamlakatida ko’ngilli xizmat ko’rsatadigan Tinchlik Korpusi tashkiloti, ham AQSh hukumati, ham xalqi tomonidan g’urur bilan tilga olinadi.

“Xorijliklar bilan gaplashar ekansiz, AQShga bo’lgan munosabatni ilg’aysiz, deydi Enn Shodi. Ular “Amerika siyosatidan ranjidik,” deb ochiq aytadi. Shu bilan birga AQSh xalqini hurmat qiladi, hamdard.”
Shodi xonimning aytishicha, odam taftini odam oladi. “Davlatlar, xalqlar muloqot qilishi kerak”, - deydi u. Bo’lajak prezident buni anglab yetishi lozim.

“Amerika taqdiri xalqning qo’lida. Prezident boshqalarga namuna bo’lib, murosa qilish mahoratini namoyish etsa, Amerika ahli ham mas’uliyatni seza boshlaydi”, - deydi Shodi.

Yaqinda Fuqaro Diplomatiyasi Markazi prezident huzurida maxsus tashkilot tuzishni taklif qildi. Ekspert Aaron Vilyam uning vazifasi haqida shunday deydi:

“Amerika xalqi va tashqi dunyo o’rtasida rishta bog’lab, siyosiy ongni uyg’otish mumkin, deydi u. Odamlar televizorga tikilib o’tirmasdan, dunyo ko’radi, bir-biri bilan tanishadi. Tanasining rangi, dini, irqidan qat’iy nazar o’xshash ekanliklarini anglaydi”, - deydi Aaron Vilyams.

1960-yillarda prezident Kennedidan ilhom olib, Tinchlik Korpusiga a’zo bo’lgan Vilyams bo’lajak prezidentga umid ko’zi bilan qaramoqda. “Xalq davlat rahbaridan o’rnak oladi”, - deydi u.

XS
SM
MD
LG