AQShda yangi saylangan prezident Barak Obama davlat ishlari bilan asta-sekin tanishmoqda.
Kecha maxfiy xizmatdan hisobot tinglagan, bugun maslakdoshlari bilan iqtisodiy tanazzulni muhokama qilmoqda.
Asta-sekin o’z ma’muriyatini tuzishga kirishgan Obama kecha Oq Uy boshqaruvchisi lavozimiga Ram Emanuelni tanladi.
Ilinoys shtatidan kongressmen Emanuel sobiq prezident Bill Klinton ma’muriyatida xizmat qilgan.
Qo’shma Shtatlar moliyaviy tanazzulda ekan, moliya vaziri lavozimini kim egallaydi degan savol ko’pchilikni o’ylantirib qo’ygan. Bu kursiga hozircha 4 nomzod bor:
Timoti Geytner, sobiq moliya vaziri Lorens Sammers, Markaziy Bank sobiq raisi Pol Volker va Nyu-Jersi shtati gubernatori Jon Korzayn.
Dushanba kuni Barak Obama Oq Uyda Jorj Bush bilan uchrashadi. Amaldagi prezident va bo’lajak rahbar mavjud muammolar va oldinda turgan vazifalarni muhokama qiladi.
Bushning aytishicha, o’tish davri silliq kechmog’i lozim. “Haqiqiy demokratiyaning mazmuni ana shunda,” – deydi Bush.
“Xalq og’ir damlarni boshidan kechirmoqda. Yangi rahbar qachon tayyor bo’lar ekan, deb kutishga vaqt yo’q,” - deydi Bush. Iqtisodiy tanglik, urush va ruhiy tushkunlik davrida prezident almashmoqda. Qo’shma Shtatlar terrorizm va ekstremizga qarshi jang qilar ekan, dushman bu vaziyatdan foydalanishga harakat qiladi, deydi AQh prezidenti.
Barak Obama davlat boshqaruvi bilan tanishar ekan, Bush uni davlat ishlari bilan tanishtira boshlagan. “Obama kerakli ma’lumotni olmoqda,” - deydi Bush. Razvedka, iqtisodiy, siyosiy, ijtimoiy sohalarga doir raqamlar, hisobotlar shular jumlasidan.