Breaking News

Vashingtonda iqtisodiy tanazzuldan chiqish yo'li muhokamada


Jahon iqtisodiy tanazzulni boshdan kechirar ekan rivojlanayotgan va sanoatlashgan 20 davlatlar rahbarlari Vashingtonda favqulodda majlis o'tkazmoqda. AQSh poytaxtida uchrashish tashabbusi prezident Bushdan chiqqan.

So'nggi bir necha oy ichida jahon moliya bozori 25 trillion dollarlik zarar ko'rgan. Millionlab odamlar ishidan ayrildi, xaridorlik quvvati tushgan.

AQShlik iqtisodchi Ted Truman uchrashuvda muhim qarorlar qabul qilinishidan umidvor.

Majlisda shuningdek moliya tashkilotlari va tizimini tartibga solish va nazorat qilish yo'llari muhokama qilinib, Xitoy va Hindiston kabi davlatlar Xalqaro Valyuta Jamg'armasi faoliyatida faol ishtirok etishga chaqiriladi.

Ted Truman nazarida Vashington sammiti rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar o'rtasida ilk muloqotni yo'lga qo'yishga yordam berishi mumkin.

"Bu bilan Katta Yettilik sammitlarining nufuzi va ahamiyati tushib borishi mumkin deb o'ylayman," deydi mutaxassis.

Global moliyaviy institutlar uyushmasi rahbari Charlz Dallaraning aytishicha, sammit dunyo rahbarlarining moliyaviy inqirozga jiddiy ko'z bilan qarayotganidan dalolat.

"Uchrashuvda moliyaviy, iqtisodiy va pul siyosatini muvofiqlashtirishga kelishiladi deb o'ylayman. Birgalikda jahon bozorini barqarorlashtirish kerak," deydi Dallara.

Peterson nomidagi Xalqaro iqtisodiyot instituti rahbari Fred Bergsten sammitda bahs va tortishuvlarga borilmaydi degan umidda.

Anjumanga taklif eitlgan 20 lik guruhiga G'arb va Shimoliy Amerika davlatlari, Yaponiya, Braziliya, Argentina, Chili, Xitoy, Hindiston, Rossiya va Janubiy Afrika kabi mamlakatlar kiradi. Jahonda ishlab chiqarish sur'atining 70 foizi mana shu 20 davlat hissasiga to'g'ri keladi.

London iqtisodiyot maktabi olimi Albrext Ritshlning aytishicha, AQShning moliyaviy muammolarni hal qilishga qaratilgan hozirgi harakatlari yetarli emas.

"AQSh xalqaro sahnada yetakchilikni eplay olmadi. Moliya vaziri Genri Polson taklif etgan reja ko'pchilikka tushunarsiz bo'ldi. Unga aniqlik kiritish kerak degan fikrdaman," deydi Ritshl.

Sammit mezboni prezident Jorj Bush erkin bozor muhimligiga urg'u berib, moliya tizimidagi islohotlardan unga zarar tegmasligi kerak deydi.

"Islohotlar muhim va zarur. Bugungi muammoning uzoq muddatli yechimi iqtisodiy o'sishga bog'liq. Bunga esa erkin bozor va erkin jamiyat vositachiligida erishish mumkin," deydi Bush.

XS
SM
MD
LG