Breaking News

Rossiya Dumasi prezidentlik muddatini uzaytirdi


Rossiya parlamentining quyi palatasi, ya’ni Duma prezidentlik muddatini uzaytirishni yoqlab ovoz bergan.

Hujjatga ko’ra, Rossiyada prezidenti avvalgiday 4 emas, 6 yilga saylanadi.

Tanqidchilar nazarida Bosh vazir Vladimir Putin fursatdan foydalanib, erta saylovlar e’lon qilishi va prezident lavozimini egallashi mumkin.

Bu orada Putin mamlakatni moliyaviy tanazzuldan olib chiqish ustida o’ylanmoqda.

Uning aytishicha, Rossiya muammoni yechish uchun yetarli pul g’amlab qo’ygan. Biroq tahlilchilar fikricha, Rossiya ancha xarajat qilishiga to’g’ri keladi.

Bosh vazir Vladimir Putin iqtisodiy muammolarda Qo’shma Shtatlarni ayblamoqda. AQSh xatosi tufayli Rossiya xalqi azob tortmoqda deydi u.

Putin nazarida AQSh kredit va ko’chmas mulk bozori noqobil siyosat tufayli izdan chiqqan. Bu esa jahonda aks-sado berib, o’zaro ishonch yo’qolgan.

Biroq, deydi u, Rossiya omon qolishi aniq. Neft bahosi tushgani bilan mamlakat g’aznasi to’la. Qora oltin bozori qizigan pallada Rossiya vaziyatdan unumli foydalandi, deydi Putin.

“Rossiya xalqi xotirjam yashasa bo’ladi. Maosh, nafaqa va ijtimoiy yordam to’lashga qurbimiz yetadi”, - deydi bosh vazir.

Karnegi tahlil markazi xodimi Nikolay Petrov fikricha esa Putin kaltabinlik qilmoqda.

Petrov Rossiyadagi vaziyatni shifokor qabuliga qiyoslaydi. "Vrach bemorning ruhiyati haqida o’ylab, kasalni yashiradi. Dardni davolash o’rniga, bemorning kayfiyatini ko’tarishga urinadi", - deydi tahlilchi.

Rossiya matbuoti asosan AQSh moliya bozoridagi tahlikani yoritib, ichki muammolar haqida lom-mim demaydi.

Vaholanki, yarim yil ichida Rossiya qimmatbaho qog’ozlar bozorida narx-navo 70 foizga tushgan.

Avgustdan beri xazinadan 123 milliard dollar rezerv pul sarflangan. O’tgan oy Rossiya Markaziy Banki rubl qiymatini ushlab turish uchun 57 milliard dollar xarajat qilgan.

Hozir mamlakat g’aznasida 475 milliard dollar bor. Pul shu zayilda sovurilsa, 6 oyda tugaydi, dedi Karnegi tahlil markazi xodimi Nikolay Petrov.

XS
SM
MD
LG