Breaking News

Millionlab musulmonlar haj safariga otlanmoqda


Azon – har bir musulmon tug’ilishi bilan vujudiga singuvchi ohang…

Mua’zzin mo’minlarni namozga chorlar ekan, muqaddas amalni ado etishga kelganlar Ka’ba atrofida to’planadi.

Haj - islomda besh farzdan biri. Qurbon hayiti arafasida millionlab musulmonlar bu safarni ado etish uchun Makkaga otlanadi.

Ka'bani tavof etib, yetti marta aylanish haj yo’riqlaridan biri.

Saudiya Arabistoni rasmiylariga ko’ra, bu yil haj amalini o’tash uchun ikki yarim milliondan ziyod musulmon tashrif buyurishi kutilmoqda.

Maxsus kuchlar turli noxush hodisa va xurujlarning oldini olish uchun tayyor turibdi, deydi qirollik rasmiylari. 50 mingga yaqin harbiy va politsiya xodimi, yuzlab vertolyot va zirhli texnika vositalari safarbar etilgan. Tez yordam va o’t o’chiruvchilar jamoasi xizmatga shay turibdi.

Shaytonga tosh otish amali davomida, deydi rasmiylar, har yili ko’plab mo’minlar oyoq ostida qolib ketib halok bo’ladi. Buning oldini olish maqsadida ikki qavatli maxsus ko’prik qayta qurilgan. Uning uchun bir milliard dollar sarflangani ma’lum.

Livanlik Mustafo G’alayniyning tushuntirishicha hajning eng muhim kuni bu Arofat tog’iga chiqish amalidir.

"Yuz minglab musulmonlar bir kunda ana shu tog’ sari yuzlanadi. Egnidagi oq surup - poklik timsoli. Maqsad xudo oldida bir tan va bir jon bo’lib namoyon bo’lish. Bu yerda mansab, yosh, irq, jins va til ahamiyatga ega emas. Barcha bir-biriga yordam qo’lini cho’zib ezgulik ulashishi lozim", - deydi G’alayni.

Arofat to’g’i payg’ambar Muhammad (s.a.v) so’nggi bor ummatlariga murojaat qilgan joy sifatida muqaddas.

“Bu tog’ ham Injilda, ham Qur’onda zikr etiladi. Payg’ambar Ibrohim og’li Ismoilni xudo yo’liga aynan shu joyda qurbon qilmoqchi bo’lganida, yaratgan tomonidan qo’y yuboriladi”,- deydi G’alayni.

Muzdalifa tepaligi - musulmonlar shaytonga tosh otish amalini ado etadigan joy. Har bir mo’min qo’liga yiqqan toshlarni jarlikka o’rnatilgan uch ustunga qarab uloqtiradi.

“Shaytonni toshbo’ron qilish amali davomida xudodan shayton yo’lidan asrash so’ralib, yovuzlikka chorlovchi shaytonga la’natlar o’qiladi”,- deydi pokistonlik xojilardan biri.

Haj amalining so’nggi kunida erkak ziyoratchilar sochlarini qirib oldiradi. Shundan so’ng qurbonlik keltirilib, go’sht nochor va muhtojlarga ulashiladi.

O’zbekistonda bu yil 5000 musulmon hajga yo’l olmoqda. Qozog’istondan ham deyarli shuncha kishi. Tojikistondan 5200, Qirg’izistondan 4500, Turkmanistondan esa 188 musulmon o'z farzini ado etishga otlanmoqda.

XS
SM
MD
LG