Breaking News

BMT: Afg'onistonda ijobiy o'zgarish bor


Afg’onistonda bo’lib qaytgan BMT delegatsiyasi “mamlakatda ijobiy o’zgarish bor”, demoqda. Afg’oniston qo’ldan boy berilmagan, deydi ular.

BMT Xavfsizlik Kengashi rasmiylari 4 kun mobaynida Afg’onistondagi vaziyatni tekshirgan.

Delegatsiya rahbari, Italiya diplomati Julio Terzi fikricha, ahvol og’ir, biroq ijobiy o’zgarishlarga umid qilsa bo’ladi.

Jangarilar faqat u yer-bu yerda faol, ayrim viloyatlar notinch xolos, deydi diplomat.

“Tolibon Afg’oniston bizniki, deb dag’dag’a qilishi mumkin, biroq aslida bunga qurbi yetmaydi”, - deydi Julio Terzi.

Hozir qo’shni Pokiston bilan aloqalar ancha yaxshi. Afg’oniston Vazirlar mahkamasi sal qaddini tutib olgan. Afyun hosili 19 foizga kamaygan. 2 million saylovchi ro’yxatga olingan. Arzimas tuyulgan bu o’zgarishlar, Afg’oniston uchun katta yutuq, deydi mutaxassislar.

Prezident Hamid Karzay Tolibon bilan muzokara qilishga tayyor. Shart shuki, toliblar qonli urushni bas qilib, konstitutsiya va bugungi tuzumni tan olishi kerak.

Italiya diplomati Julio Terzi ta’biricha, jangarilar bilan muloqot o’z yo’liga. Biroq terrorizmga qarshi kurash davom etishi kerak. Maqsad Afg’oniston ravnaqi va tinchligi, xalq farovonligini ta’minlash, deydi diplomat.

Bugun Afg’onistonda NATOning 30 ming, Qo’shma Shtatlarning 34 ming askari xizmat qilmoqda. Kelasi yil AQSh yana taxminan 15 ming qo’shin jo’natishni rejalamoqda. Mahalliy armiya va polistiya safida esa 150 ming zobit bor.

XS
SM
MD
LG